Umarali Rahmonaliyev “Sabax”ni Chempionlar ligasiga olib chiqdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Umarali Rahmonaliyev Ozarbayjonning “Sabax” klubi bilan birga UYEFA Chempionlar ligasining asosiy bosqichiga yo‘l oldi. Saralash pley-off bosqichining javob uchrashuvida Ozarbayjon klubi Isroilning Beer-Sheva shahridagi “Hapoel” jamoasini qo‘shimcha bo‘limlarda 5:2 hisobida mag‘lub etdi.
“Sabax” 10-daqiqada Igor Zlatanovichning golidan keyin hisobda ortda qoldi. Biroq tanaffusga qadar Kristian Nvachukvu hisobni tenglashtirdi. 61-daqiqada Gi Mizraxi “Hapoel”ni yana oldinga olib chiqdi.
74-daqiqada Rahmonaliyev “Sabax”ning ikkinchi golini kiritib, uchrashuvdagi tenglikni tikladi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda Tellur Mutallimov Ozarbayjon klubini oldinga olib chiqdi — 3:2.
Qo‘shimcha vaqtda “Sabax” yana ikki marta gol urdi. 101-daqiqada Orfe Mbina jamoa ustunligini oshirgan bo‘lsa, 115-daqiqada Joy-Lans Mikkels yakuniy hisobni 5:2 ko‘rinishiga keltirdi.
“Hapoel” uchrashuvni kamchilikda yakunladi. 100-daqiqada Jibril Dyop, 116-daqiqada esa Eliel Peres maydondan chetlatildi.
Jamoalarning Isroilda o‘tkazilgan birinchi uchrashuvida “Sabax” 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Shu tariqa, ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra Ozarbayjon klubi 6:4 hisobida g‘alaba qozonib, Chempionlar ligasining asosiy bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
“Sabax” Chempionlar ligasi saralash bosqichidan o‘tib, asosiy bosqichga chiqqan tarixdagi ikkinchi Ozarbayjon klubiga aylandi. Bunga avval “Qarabog‘” erishgan. Ushbu klub 2017/18 mavsumida musobaqaning guruh bosqichida, 2025/26 mavsumida esa asosiy bosqichida ishtirok etgan.
Bundan tashqari, “Sabax” Yevropa kuboklarining asosiy bosqichiga chiqqan to‘rtinchi Ozarbayjon klubi bo‘ldi. “Qarabog‘”dan tashqari, bunday natijaga avval “Neftchi” va “Gabala” ham erishgan.