Toshkentdagi YTHda uch kishi halok bo‘ldi
Toshkentdagi YTHda uch kishi halok bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Uchtepa tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Hodisa 16 iyun kuni taxminan soat 03:10 da Toshkent halqa avtomobil yo‘lida yuz bergan. Bu haqda Millar xabar qildi.
Manba maʼlumotlariga ko‘ra, 2002 yilda tug‘ilgan Lacetti haydovchisi chorrahada keskin chapga burilish vaqtida qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan BYD avtomobili bilan to‘qnashgan.
To‘qnashuv oqibatida Lacetti haydovchisi hamda uning 1998 va 2004 yillarda tug‘ilgan ikki nafar yo‘lovchisi halok bo‘lgan.
Qayd etilishicha, BYD avtomobilini haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 2010 yilda tug‘ilgan o‘smir boshqargan. Shuningdek, avtomobil yuqori tezlikda harakatlangani va to‘qnashuvdan keyin jamoat transporti bekatiga ham zarar yetkazgani xabar qilindi.
Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (harakat xavfsizligi yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish, inson o‘limiga sabab bo‘lish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.