Toshkentda tashqi savdo prognozlash bo'yicha seminar bo'lib o'tmoqda
Toshkentda tashqi savdo prognozlash bo'yicha seminar bo'lib o'tmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 6–9-iyul kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Germaniyaning xalqaro hamkorlik boʻyicha jamiyati (GIZ) hamkorligida tashqi savdoni prognozlash masalalariga bagʻishlangan amaliy seminar boʻlib oʻtmoqda.
Seminar doirasida Germaniyaning Kiel Jahon Iqtisodiyoti Instituti (Kiel Institute for the World Economy) professor va ekspertlari tashqi savdoni tahlil qilish va prognozlashning zamonaviy usullari, jumladan gravitatsion modellashtirish hamda umumiy muvozanat modellaridan foydalanish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazmoqda.
Seminarda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda tashqi savdo va iqtisodiy rivojlanish yoʻnalishida faoliyat yurituvchi boshqa davlat organlari vakillari ishtirok etmoqda. Ular Oʻzbekistonning statistik maʼlumotlari asosida tashqi savdoning turli rivojlanish ssenariylarini modellashtirib, zamonaviy tahliliy vositalarni amaliyotda qoʻllash koʻnikmalarini mustahkamlamoqda.
Seminar yakunlari boʻyicha pilot tadqiqotlarni tayyorlash, ilgʻor xalqaro tajribani joriy etish hamda ilmiy asoslangan savdo siyosatini shakllantirish yoʻnalishlarida hamkorlikni davom ettirish rejalashtirilgan.
Mazkur seminar Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda GIZning tashqi savdoni prognozlash sohasidagi institutsional salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma tashabbusi doirasida oʻtkazilmoqda.