O‘zbekiston banklari sof foydasi 2,2 barobar oshdi
O‘zbekiston banklari sof foydasi 2,2 barobar oshdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston bank tizimining sof foydasi 2025 yil yakunlariga ko‘ra 15,5 trln so‘mni tashkil etdi va 2024 yilga nisbatan 2,2 barobarga oshdi. Bu haqda iyul oyida eʼlon qilingan Markaziy bankning moliyaviy barqarorlik sharhida maʼlum qilingan.
Banklarning kapital rentabelligi (ROE) bir yil davomida 5,8 foiz punktga oshdi va 2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra 12,4 foizga yetdi.
Aktivlar rentabelligi (ROA) esa 0,8 foiz punktga o‘sib, 2,2 foizni tashkil qildi. O‘sishga 11 foizga ko‘paygan sof foizli daromadlar hamda 39 foizga oshgan foizsiz daromadlar hissa qo‘shdi.
Kredit portfeli sifati ham yaxshilandi. Muammoli kreditlar (NPL) hajmi bir yil ichida 15 foizga qisqarib, 18,1 trln so‘mga tushdi. Ularning jami kredit portfelidagi ulushi esa 1 foiz punktga kamayib, 3 foizni tashkil qildi.
Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston yuqori daromadli davlatlar hisobga olinmagan Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari mediana darajasiga yaqinlashdi. Muammoli kreditlarni zaxiralar bilan qoplash koeffitsiyenti 7 foiz punktga oshib, 53 foizga yetdi.
Zaxiralar chiqarib tashlanganidan keyingi muammoli kreditlarning banklar regulyativ kapitaliga nisbati 10 foizdan 6 foizgacha pasaydi. Markaziy bank bu holatni ehtimoliy kredit yo‘qotishlariga nisbatan tizim barqarorligining oshishi sifatida baholamoqda.
Likvidlik ko‘rsatkichlari ham yaxshilandi. Banklar jami aktivlarida yuqori likvidli aktivlar ulushi 21 foizga yetdi va bir yil davomida 4 foiz punktga oshdi. Bunday aktivlar hajmi esa 42 foizga ko‘paydi. Bu, avvalo, davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiyalar hajmining 81 foizga va Markaziy bankdagi hisobvaraqlardagi mablag‘larning 27 foizga oshishi hisobiga taʼminlandi.
2025 yilda bank tizimining moliyaviy stress indeksi tarixiy minimal darajaga tushdi. Regulyator buni ichki valyuta va pul bozorlaridagi barqaror vaziyat bilan izohlamoqda.
Markaziy bank moliyaviy barqarorlik sharhini yilda ikki marta eʼlon qiladi. Joriy hisobot 2026 yil 1 yanvar holatidagi maʼlumotlar asosida tayyorlangan.