Markaziy bankning stress testi: Xavf ssenariysi bo'yicha O'zbekiston bank kapitali 2028 yil oxiriga kelib 5,6% gacha pasayishi mumkin
Markaziy bankning stress testi: Xavf ssenariysi bo'yicha O'zbekiston bank kapitali 2028 yil oxiriga kelib 5,6% gacha pasayishi mumkin
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston bank tizimining birinchi darajali asosiy kapitali (CET1) yetarliligi koeffitsiyenti xatarli ssenariy amalga oshgan taqdirda 2028 yil oxiriga kelib 5,6 foizgacha, jami regulyativ kapital yetarliligi koeffitsiyenti esa 6,8 foizgacha pasayishi mumkin. Bu haqda Markaziy bankning 2025 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhida keltirilgan to‘lov qobiliyati bo‘yicha makrostress-test natijalarida maʼlum qilingan.
Regulyator taʼkidlashicha, gap ehtimoli juda past, ammo og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan ssenariy (tail risks) haqida ketmoqda. Shuningdek, shoklarning bank kapitaliga taʼsiri maʼlum vaqt o‘tgach namoyon bo‘lishi qayd etilgan. Joriy makroiqtisodiy vaziyat asosida shakllantirilgan bazaviy ssenariyda esa bunday pasayish kutilmayapti.
Xatarli ssenariy geosiyosiy keskinlik fonida jahon moliya sharoitlarining qattiqlashishi, taʼminot zanjirlarida uzilishlar, xomashyo narxlari va ishlab chiqarish xarajatlarining oshishini nazarda tutadi. Growth-at-Risk modeliga ko‘ra, bunday vaziyatda O‘zbekistonning real yalpi ichki mahsuloti 2026 yil yakunlariga ko‘ra 0,7 foizga qisqarishi mumkin.
Shu bilan birga, likvidlik bo‘yicha stress-test nisbatan barqaror natijani ko‘rsatdi. Hatto xatarli ssenariyda ham bank tizimi bo‘yicha sof pul oqimi ijobiyligicha qoladi. Hisobotda qayd etilishicha, aktivlar va majburiyatlar muddatlari o‘rtasidagi nomutanosiblik bir yil davomida kamaygan, likvidlik bo‘yicha eng katta ehtimoliy muammolarga ega banklarda esa kutilgan mablag‘lar chiqib ketishini qoplash uchun yetarli aktivlar mavjud.
Markaziy bank bir bankdagi muammolarning o‘zaro majburiyatlar orqali butun tizimga tarqalishi, yaʼni “yuqish” xavfi darajasini past deb baholamoqda. Shuningdek, uy-joy narxlarining arzonlashishi ipoteka kreditlari bo‘yicha yo‘qotishlarga juda cheklangan taʼsir ko‘rsatishi qayd etilgan.
Markaziy bank 2026 yil boshida bank tizimining barqarorlik zaxirasini yetarli deb baholamoqda. Qayd etilishicha, barcha banklar kapital buferlarini hisobga olgan holda Bazel III talablariga rioya qilmoqda. Jami regulyativ kapital yetarliligi koeffitsiyenti esa kapitalni saqlash buferi (2,5 foiz), kontrsiklik bufer (1,5 foiz) va tizim ahamiyatiga ega banklar uchun qo‘shimcha ustama (1 foiz)ni o‘z ichiga olgan minimal talablardan yuqori bo‘lib, 13 foizdan oshgan.