Kaydzen tamoyillari Farg'ona viloyatidagi korxonalarda joriy etiladi
Kaydzen tamoyillari Farg'ona viloyatidagi korxonalarda joriy etiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatida qurilish sohasi vakillari uchun tashkil etilgan “Korxonalar samaradorligini oshirish” mavzusidagi amaliy seminar keyingi bosqichda hududdagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini joyiga chiqqan holda o‘rganish bilan davom ettirildi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev, “Kaizen” instituti vakillari hamda bir qator mas’ullar Farg‘ona viloyatida qurilish materiallari sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarida bo‘lib, ularning ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Tashriflar davomida korxonalarda ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish holati, ichki jarayonlarning tashkil etilishi, mahsulot sifati, xarajatlarni optimallashtirish, mehnat unumdorligi, logistika va boshqaruv samaradorligini oshirish imkoniyatlari o‘rganildi.
Shuningdek, “Kaizen” yondashuvi asosida korxonalardagi mavjud muammo va imkoniyatlar diagnostika qilinib, ish jarayonlarini takomillashtirish, resurslardan oqilona foydalanish, vaqt va xarajatlarni qisqartirish hamda samarali jamoaviy boshqaruvni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
O‘rganishlar yakunida ushbu tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida qurilish materiallari sohasidagi ayrim korxonalarda pilot loyihalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Mazkur tashabbus qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarda zamonaviy boshqaruv madaniyatini shakllantirish, innovatsion va ilmiy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Farg‘ona shahrida 100 ga yaqin qurilish materialli sohasidagi korxonalar vakillari ishtirokida “Kaizen” instituti mutaxassislari tomonidan korxonalar samaradorligini oshirish, Kaizen biznes-tizimi, ilg‘or boshqaruv amaliyotlari va samarali jamoalarni shakllantirish bo‘yicha seminar o‘tkazilgan edi.