Oʻzbekiston va Hindiston tibbiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Hindistonning yetakchi ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalaridan biri — Lilavati Hospital & Research Centre vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar tibbiyot sohasida tajriba va bilim almashish, ilg‘or tibbiy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot va taʼlim yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, Hindiston tomoniga O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiyaviy imkoniyatlar hamda "BioPharma City" farmatsevtika klasteri doirasida shakllanayotgan zamonaviy tibbiy va ilmiy infratuzilma haqida maʼlumot berildi.