Toshkentda «O‘zbekiston – Chexiya» biznes-forumi o‘tkaziladi
Toshkentda «O‘zbekiston – Chexiya» biznes-forumi o‘tkaziladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 29 aprel kuni Toshkent shahrida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan «O‘zbekiston – Chexiya» biznes-forumi bo‘lib o‘tadi.
Tadbir ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, amaliy tajriba almashish, dolzarb vazifalarni muhokama qilish hamda uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini shakllantirish uchun samarali maydon vazifasini bajaradi.
Forum doirasida O‘zbekiston va Chexiyaning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati taqdim etiladi. Unda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yoritiladi. Ayniqsa, qo‘shma investitsiya va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratilishi rejalashtirilgan.
Qatnashchilar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, biznes va davlat tuzilmalari o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmlari, shuningdek qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha amaliy qadamlarni muhokama qiladilar.