Toshkentda "O‘zbekiston - AQSh" biznes-forumi bo‘lib o‘tadi

Toshkentda "O‘zbekiston - AQSh" biznes-forumi bo‘lib o‘tadi
 

Toshkentda "O‘zbekiston - AQSh" biznes-forumi bo‘lib o‘tadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —  V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida 16-iyun kuni soat 10:00 da CAEx majmuasining "Toshkent" zalida "O‘zbekiston - AQSh" biznes-forumi bo‘lib o‘tadi.

Ushbu tadbir ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, amaliy tajriba almashish, dolzarb iqtisodiy va sarmoyaviy masalalarni muhokama qilish hamda uzoq muddatli, barqaror savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyatdir.

Tadbir davomida O‘zbekiston va AQShning iqtisodiy hamda sarmoyaviy salohiyati, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va asosiy tarmoqlari taqdim etiladi. Shuningdek, qo‘shma sarmoyaviy, sanoat, infratuzilma va texnologik loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Forumda sanoat, tog‘-kon sektori va metallurgiya, infratuzilma, transport, qurilish, raqamli texnologiyalar, moliya, qishloq xo‘jaligi hamda investitsiyalar kabi sohalarda faoliyat yurituvchi Amerikaning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Xususan, BlackRock, Oppenheimer, JP Morgan, Franklin Templeton, Boeing, Traxys, General Motors, Oracle, Air Products, Google, Meta, Citi, Nasdaq, Cove Capital, BNY Mellon, Visa, Auerbach Grayson, John Deere, FLSmidth, CNH Industrial, The Coca-Cola Company, Valmont Irrigation va Morgan Stanley kabi kompaniyalardan delegatlar tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, forumda AQSh Eksport-import banki (US EXIM Bank) va Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) vakillari ham ishtirok etadi.

Ishtirokchilar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini, biznes va davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini, shuningdek, qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy qadamlarni muhokama qiladilar.

Forum doirasida B2B va G2B formatidagi uchrashuvlar ham tashkil etilib, bu har ikki davlat tadbirkorlari, sarmoyadorlari va davlat organlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish uchun ajoyib sharoit yaratadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling