Toshkentda 154 va 184-avtobus yo‘nalishlaridagi uzilishlar izohlandi
Toshkentda 154 va 184-avtobus yo‘nalishlaridagi uzilishlar izohlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlarda harakat oraliqlari uzoqligi va avtobuslar sig‘imi yetarli emasligi bo‘yicha murojaatlaridan so‘ng 154-sonli (“Bobur” mahallasi – «Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi») hamda 184-sonli («Food City» – “Obixayot” ko‘chasi) avtobus yo‘nalishlari faoliyati yuzasidan izoh berdi.
Tasdiqlangan jadvalga ko‘ra, 154-yo‘nalishda beshta avtobus, 184-yo‘nalishda esa SAZ LE 60 Isuzu rusumli to‘qqizta transport vositasi xizmat ko‘rsatishi belgilangan bo‘lib, harakat oraliqlari taxminan 20 daqiqani tashkil etadi.
Biroq 16 aprel kuni har ikki yo‘nalishda bir tadan avtobus texnik nosozlik sababli qatnovga chiqmagan. Bu esa, tirbandlik soatlarida, harakat oraliqlarining uzayishiga olib kelgan.
Idorada qayd etilishicha, ayni paytda transport vositalarining texnik holatini tiklash va harakat jadvalini meʼyorga keltirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, «Sokin Makon» turar joy majmuasi va unga tutash hududlardan yo‘lovchilar oqimi ortib borayotganini inobatga olib, 2026 yilda yangi avtobuslar xarid qilish hisobiga ushbu yo‘nalishlarda transport vositalari sonini oshirish va harakat oraliqlarini qisqartirish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.
Idora vakillari yuzaga kelgan texnik sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘radi.