Toshkent viloyatida Ispaniya qishloq xoʻjaligi texnologiyalari oʻrganilmoqda

Toshkent viloyatida Ispaniya qishloq xoʻjaligi texnologiyalari oʻrganilmoqda

Toshkent viloyatida Ispaniya qishloq xoʻjaligi texnologiyalari oʻrganilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni paytda Toshkent viloyati hokimi  Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Ispaniya Qirolligida bo‘lib turibdi.

Tashrifning asosiy maqsadi Ispaniyadagi issiqxona texnologiyalari va tajribasini o‘rganish hamda issiqxona uskunalari, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik o‘rnatishdir.

Ispaniya bugungi kunda Yevropa va dunyo bozorlarida agrosanoat, oziq-ovqat sanoati, qayta tiklanuvchi energiya, logistika hamda yuqori texnologiyali qishloq xo‘jaligi sohalarida yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi.

Mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalarda innovatsiya, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish va zamonaviy texnologiyalar transferiga alohida ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Ispaniya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va agrar sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.

Delegatsiya ayni paytda tashrif doirasida  Qirollikdagi Almeriya viloyatida mezbon taraf vakillari bilan  qizg‘in uchrashuv va muloqotlarga kirishgan. 

Almeriyaning issiqxona sanoati dunyodagi eng gigant sanaladi. Ushbu viloyatdagi issiqxonalar  31 ming gektargacha maydonni egallaydi va Yevropaning katta qismini sabzavotlar bilan ta’minlaydi.

Almeriyaning "Almeriya modeli" nomi bilan tanilgan issiqxona texnologiyasi qurg‘oqchil iqlim sharoitida intensiv dehqonchilik, gidroponika va tomchilatib sug‘orish tizimlaridan foydalanadi

Delegatsiya kun tartibiga muvofiq, Future Farms Solutions S.L. kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi hamda mutasaddilar bilan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Future Farms Solutions S.L. — Ispaniyaning agrotexnologiyalar (AgriTech) yo‘nalishidagi innovasion kompaniyasi bo‘lib, yuqori texnologiyali issiqxona tizimlari, raqamli agroboshqaruv, sun’iy intellekt hamda agroinjenerlik yechimlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan.

Kompaniya tomonidan yuqori texnologiyali issiqxona loyihalarini ishlab chiqish,  iqlim boshqaruvi va avtomatizatsiya tizimlari,  sun’iy intellekt asosida agromonitoring,  energiya samarador va suv tejovchi yechimlar xalq xo‘jaligiga keng tadbiq etilgan.

Kompaniya mas’ullari bilan muloqot davomida Toshkent viloyatida zamonaviy issiqxona klasterlarini tashkil etish, aqlli yashil texnologiyalarni keng joriy qilish, iqlim nazorati va avtomatizatsiya tizimlarini tatbiq etish, suv tejovchi yechimlardan samarali foydalanish, agrar sohani raqamlashtirish hamda agroinjenerlik bo‘yicha texnologiyalar transferi kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar mazkur hamkorlik qishloq xo‘jaligida innovasion yondashuvlarni kengaytirish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar yetishtirish va sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling