O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Turizm

Turizm qo'mitasi va Parashyut federatsiyasi hamkorlikni muhokama qildi

UzDaily tahririyati · 07.08.2026 · 20:45 · 27 views
Turizm qo'mitasi va Parashyut federatsiyasi hamkorlikni muhokama qildi
Turizm qo'mitasi va Parashyut federatsiyasi hamkorlikni muhokama qildi / Foto: O'zbekiston Respublikasi Turizm qo'mitasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov O‘zbekiston parashyut sporti federatsiyasi raisi Aleksey Borshuk bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida mamlakatda ekstremal va sarguzasht turizmini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda yangi turistik mahsulotlarni shakllantirish hamda mavjud salohiyatdan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda parashyutdan sakrash mashg‘ulotlari Sirdaryo tumanidagi «Sirdaryo markaziy» maydonida tashkil etilmoqda. Qulay iqlim sharoiti, uzoq parvoz mavsumi hamda mavjud infratuzilma O‘zbekistonni ekstremal turizmni rivojlantirish uchun istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylantirmoqda. 

Uchrashuvda xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun parashyut turizmi xizmatlarini yanada ommalashtirish, xalqaro musobaqalar va festivallarni tashkil etish orqali hududlarning turistik jozibadorligini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. 

Shuningdek, sohani huquqiy jihatdan takomillashtirish va ekstremal turizmni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar yuzasidan federatsiya tomonidan tegishli takliflar ishlab chiqilishiga kelishib olindi.