Toshkent viloyatida gaz portlashida 4 kishi halok bo‘ldi
Toshkent viloyatida gaz portlashida 4 kishi halok bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatida turar joy uyida gaz portlashi natijasida to‘rt nafar kishi halok bo‘ldi. Hodisa 16 aprel kuni O‘rtachirchiq tumani «O‘rta Ovul» mahallasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, voqea oqibatida 1996 yilda tug‘ilgan erkak va uning uch nafar farzandi halok bo‘lgan. Fojea uyda sodir bo‘lgan portlashdan keyin yuzaga kelgan yong‘in natijasida yuz bergani maʼlum qilinmoqda.
Marhumning turmush o‘rtog‘i va onasi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hodisa paytida kuchli portlash ovozi eshitilgan, shundan so‘ng qo‘shni uylarda yashovchilar ko‘chaga chiqib ketgan.
Qo‘shnilarning taʼkidlashicha, erkak oila aʼzolarini qutqarishga uringan. U avval xotini va onasini uydan olib chiqqan, ammo farzandlari ortidan qaytib kirganida yong‘in ichida halok bo‘lgan.
Ayni paytda portlashning rasmiy sabablari aniqlanmagan. Hodisa joyida tegishli xizmatlar va mutaxassislar ish olib bormoqda.