Toshkent O‘zbekistonda korxonalar soni bo‘yicha yetakchi
Toshkent O‘zbekistonda korxonalar soni bo‘yicha yetakchi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 577,2 mingta faol korxona va tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan. Bu haqda maʼlumotni O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi taqdim etdi.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ularning soni 41,3 mingtaga ko‘paygan bo‘lib, bu 7,7 foizlik o‘sishni tashkil etadi.
Faol korxonalar soni bo‘yicha yetakchilikni Toshkent shahri saqlab qolmoqda. Bu yerda 109 781 ta subyekt faoliyat yuritmoqda. Ikkinchi o‘rinda Toshkent viloyati — 54 542 ta korxona. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati — 53 457 va Farg‘ona viloyati — 49 303 ta korxona joylashgan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 44 221 ta, Andijon viloyatida 35 524 ta, Buxoro viloyatida 35 098 ta va Namangan viloyatida 33 796 ta korxona ro‘yxatdan o‘tgan.
Xorazm viloyatida 32 512 ta, Surxondaryo viloyatida 32 030 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 29 471 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Jizzax viloyatida 26 741 ta, Navoiy viloyatida 24 208 ta korxona ro‘yxatdan o‘tgan. Eng kam ko‘rsatkich esa Sirdaryo viloyatida kuzatilib, 16 522 tani tashkil etgan.
Shu tariqa, mamlakatda biznesning eng katta qismi poytaxt va aholisi ko‘p bo‘lgan hududlarda jamlangan.