Shvetsiya JCH-2026ni Tunis ustidan yirik g‘alaba bilan boshladi
Shvetsiya JCH-2026ni Tunis ustidan yirik g‘alaba bilan boshladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Shvetsiya terma jamoasi futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichining birinchi turida Tunis jamoasi ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Meksikada bo‘lib o‘tgan uchrashuv 5:1 hisobida yakunlandi.
Uchrashuvning asosiy qahramoni Yasin Ayari bo‘ldi. U 7-daqiqada va ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda gol urib, dubl muallifiga aylandi. Shuningdek, Shvetsiya terma jamoasi safida Aleksander Isak, Viktor Dyokeresh va Mattias Svanberg ham bittadan gol kiritdi. Tunisning yagona goliga Omar Rekik mualliflik qildi.
Ushbu g‘alaba tufayli Shvetsiya terma jamoasi F guruhida peshqadamga aylandi. Bunga kvartetning boshqa o‘yinida Niderlandiya va Yaponiya terma jamoalari 2:2 hisobida durang o‘ynagani ham sabab bo‘ldi.
Guruh bosqichining ikkinchi turida Shvetsiya terma jamoasi Niderlandiyaga qarshi maydonga tushadi. Tunis esa Yaponiya bilan kuch sinashadi. Uchrashuvlar mos ravishda 20 va 21 iyun kunlariga belgilangan.
Jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkazilmoqda hamda tarixda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirokida tashkil etilmoqda. Jamoalar 12 guruhga bo‘lingan. Pley-off bosqichiga har bir guruhdan eng yaxshi ikki jamoa hamda uchinchi o‘rinni egallagan sakkizta eng yaxshi terma jamoa yo‘llanma oladi. Amaldagi chempion maqomi Argentina terma jamoasiga tegishli.