O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekistonda yashash joyida roʻyxatdan oʻtish soddalashtiriladi

UzDaily tahririyati · 11.08.2026 · 17:48 · 27 views
Oʻzbekistonda yashash joyida roʻyxatdan oʻtish soddalashtiriladi
Oʻzbekistonda yashash joyida roʻyxatdan oʻtish soddalashtiriladi / Foto: Oliy Majlis Senati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.

Ushbu hujjat aholini yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini yanada soddalashtirish orqali fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini yanada kengroq ta’minlashga qaratilgan.

Qonun loyihasida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini yanada to‘liq ta’minlashga qaratilgan uchta muhim yangilik nazarda tutilmoqda. Xususan, oila a’zolari va yaqin qarindoshlari turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasini qo‘llash bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilinmoqda.

Ya’ni, er-xotin, ota-ona va farzandlar, buva-buvi va nevaralar, shuningdek, aka-uka va opa-singillar bir-birining uy-joyiga ro‘yxatdan o‘tayotganda xonadon maydoni belgilangan me’yordan kam bo‘lsa ham, bu holat ro‘yxatdan o‘tishga to‘sqinlik qilmasligi nazarda tutilyapti. Bu esa oila a’zolari va yaqin qarindoshlarni bir manzilda ro‘yxatdan o‘tkazishni yengillashtirishga xizmat qiladi.

Loyihada talabalar turar joylarida istiqomat qilayotgan talabalarga nisbatan alohida huquqiy mexanizm joriy etilib, ularni ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qo‘llanilmasligi ham belgilanmoqda. Bu esa oliy ta’lim muassasalarida talabalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq mavjud amaliy muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda ipoteka krediti yoki subsidiya asosida uy sotib olgan ko‘plab fuqarolar o‘z uyida ro‘yxatdan o‘tishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Bu esa ularga farzandlarini maktab yoki bog‘chaga joylashtirish, poliklinikaga biriktirish, pensiya va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda muammo tug‘diryapti.

Qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda uy-joyga taqiq qo‘yilgan bo‘lsa ham, mulkdor va uning yaqin qarindoshlarini uy-joyga taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar-joyda ro‘yxatdan o‘tkazishda garovga olish, taqiq qo‘yish yoki bekor qilishga vakolatli organlar (bank, sud, MIB)ning roziligi talab etilmaydi. Bu tartib, avvalo, uy-joy mulkdori va uning oila a’zolarining o‘z uyida qonuniy ro‘yxatdan o‘tishiga imkoniyat yaratadi.

Ayni vaqtda garovga oluvchi va davlat organlarining qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan shaxsning oldindan yozma roziligi instituti joriy etilmoqda. Ushbu mexanizmga ko‘ra, garovga oluvchi yoki taqiq (xatlov) qo‘ygan vakolatli organning murojaatiga asosan uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi bekor qilinishi mumkin bo‘ladi. Mazkur huquqiy yechim bir tomondan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini, ikkinchi tomondan kreditorlarning huquq va qonuniy manfaatlari ham yetarli darajada himoya qilinishini ta’minlaydi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati va zarurati haqida alohida to‘xtalib, undagi ayrim normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Ushbu hujjat aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini yanada sodda va qulay qilishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ishonchli ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.