Shavkat Mirziyoyev Namangan aeroportining yangi terminali qurilishini ko'zdan kechirdi
Shavkat Mirziyoyev Namangan aeroportining yangi terminali qurilishini ko'zdan kechirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi boshlandi. Davlatimiz rahbari Namangan xalqaro aeroportida barpo etilayotgan yangi yoʻlovchi terminali qurilishini koʻzdan kechirdi.
Mamlakatimizda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Namangan xalqaro aeroportini kengaytirish loyihasi ham ana shu islohotlarning muhim qismi hisoblanadi.
Mazkur qurilish ishlari davlatimiz rahbarining 2021-yil 29-martdagi “Respublika aeroportlarini boshqarish sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Namangan xalqaro aeroporti 1971-yilda foydalanishga topshirilgan. 2013-yildan xalqaro maqomda faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda aeroport orqali 9 ta aviakompaniya muntazam parvozlarni amalga oshiryapti.
Loyihaga jami 175 million dollar investitsiya jalb qilingan. Rejaga ko‘ra, 2026 yil yakuniga qadar zamonaviy talablarga javob beradigan yangi yo‘lovchi terminali ishga tushiriladi. Maydoni 22,6 ming kvadrat metr bo‘lgan uch qavatli terminal soatiga 1,2 ming nafar va yiliga 3 million nafardan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa aeroportning hozirgi quvvatini bir necha barobar oshiradi.
Yangi terminalda chegara va bojxona nazorati punktlari, viza xizmatlari, biznes-zal, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot punkti hamda Duty Free hududi tashkil etiladi. Natijada 550 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
2027-yil yakuniga qadar kunlik quvvati 50 tonna boʻlgan kargo terminali foydalanishga topshiriladi. Fargʻona vodiysi uchun yagona zamonaviy kargo tizimi shakllantirilib, mahsulotlarni dunyoning 90 mamlakatiga eksport qilish imkoniyati kengayadi.
Davlatimiz rahbari qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, aeroport infratuzilmasini yanada takomillashtirish boʻyicha qator koʻrsatmalar berdi.