O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Senat yong'in xavfsizligini takomillashtirish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

UzDaily tahririyati · 09.07.2026 · 19:40 · 36 views
Senat yong'in xavfsizligini takomillashtirish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Senat yong'in xavfsizligini takomillashtirish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Yongʻin xavfsizligi tizimi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yongʻinlar profilaktikasi va davlat nazorati tizimini takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgan boʻlsa-da, yongʻinlar bilan bogʻliq ogʻir oqibatli holatlar hamon uchrab turibdi. Xususan, 2025-yilda respublika boʻyicha 11 241 ta yongʻin sodir boʻlib, ular natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga 249,2 milliard soʻm zarar yetkazilgan. Yongʻinlar oqibatida 82 nafar fuqaro halok boʻlgan.

Amaldagi qonunchilikda yongʻin xavfsizligi sohasida kompleks huquqiy, tashkiliy va profilaktik chora-tadbirlar va mexanizmlar toʻliq yaratilmaganligi, ayrim huquqbuzarliklar uchun esa javobgarliklarning belgilanmaganligi ushbu sohadagi qonunchilikni tubdan takomillashtirish zarurligi yuzaga kelgan.

Shu bois, muhokama qilingan Qonun bilan yongʻin xavfsizligi sohasida mavjud huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etishga qaratilgan muhim normalar joriy etilmoqda.

Jumladan, shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartibiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bozorlar, savdo komplekslari va savdo-koʻngilochar markazlari mulkdorlarining uchinchi shaxslar hayoti va sogʻligʻiga yongʻin natijasida yetkazilgan zarar uchun fuqarolik javobgarligini hamda ushbu obyektlarni yongʻindan majburiy sugʻurta qilish tizimi joriy etilmoqda.

Qonun bilan yongʻin xavfsizligini taʼminlashning asosiy prinsiplari, binolar va inshootlarga qoʻyiladigan minimal texnik talablar, yongʻin auditini oʻtkazish tartibi hamda loyiha tashkilotlari, koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari va boshqa masʼul subyektlarning huquq hamda majburiyatlari aniq belgilab berilmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonunning amalga kiritilishi yongʻinlarning oldini olish samaradorligini oshirish, davlat yongʻin nazorati tizimini mustahkamlash, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini ishonchli muhofaza qilish hamda mol-mulk daxlsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.