O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Qonunchilik palatasi profilaktika inspektorlari haqidagi qonunni maʼqulladi

Dilafro'z Niyazova · 25.08.2026 · 19:47 · 19 views
Qonunchilik palatasi profilaktika inspektorlari haqidagi qonunni maʼqulladi
Qonunchilik palatasi profilaktika inspektorlari haqidagi qonunni maʼqulladi / Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi seshanba kuni «Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda maʼqulladi. Hujjat profilaktika inspektorlarining huquqiy maqomi, vazifa va vakolatlarini belgilash, shuningdek, ularning aholi oldida hisobdorligini taʼminlashning yangi mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qonunni alohida qabul qilish zarurati loyiha mualliflari tomonidan profilaktika inspektorlarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, javobgarligi hamda kasbiy faoliyati kafolatlarini aniq belgilash ehtiyoji bilan izohlangan.

Qonun loyihasida xizmatni o‘tash tartibi ham tartibga solinadi. Xususan, inspektorning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashish, uni xizmat vazifalariga aloqador bo‘lmagan ishlarni bajarishga jalb etish va unga qo‘shimcha vazifalar yuklashni taqiqlash taklif etilmoqda.

Loyihaning asosiy qoidalaridan biri profilaktika inspektorlarining aholi oldidagi hisobdorligini kuchaytirishga qaratilgan. Inspektorlarni biriktirilgan hududdagi faoliyati yuzasidan har chorakda aholi va jamoatchilikka hisobot berishga majburlash taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, hujjatda aholining profilaktika inspektori faoliyatiga nisbatan «ishonchsizlik tashabbusi»ni bildirish imkoniyati ham nazarda tutilgan.

Qonun loyihasida xodimlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasiga ham alohida o‘rin ajratilgan. Unda ularning shaʼni va qadr-qimmatini davlat tomonidan himoya qilish, munosib mehnat haqi, xizmat va uy-joy sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, samarali natijalar ko‘rsatayotgan xodimlarni rag‘batlantirish choralari belgilanishi nazarda tutilgan.

Muhokama davomida qonunning qabul qilinishi huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, mahallalarda xavfsizlikni mustahkamlash, inspektorlarning aholi bilan hamkorligini kuchaytirish, shuningdek, xodimlarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Qonun loyihasi iyun oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan edi. O‘shanda profilaktika inspektorining ustuvor vazifasi aholining ishonchini oshirish hamda biriktirilgan hududda jinoyatchilikni samarali jilovlashdan iborat bo‘lishi xabar qilingan.

Taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, profilaktika inspektori profilaktika ishlarining shakllarini mustaqil belgilashi, bajarilishi majburiy bo‘lgan profilaktik ko‘rsatmalar berishi, taqdimnomalar kiritishi va ularning ijrosini talab qilishi, profilaktika tadbirlarini o‘tkazish metodikalarini ishlab chiqishi hamda o‘z vakolati doirasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, inspektorlarga ichki ishlar organlari xodimlarining Kasbiy madaniyat kodeksi va xizmat intizomiga rioya qilish, fuqarolarning huquqbuzarliklar haqidagi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, huquqbuzarlik sodir etilgan joyga zudlik bilan yetib borish va tekshiruvlar o‘tkazish majburiyati yuklanishi rejalashtirilmoqda. Belgilangan hollarda xodimlar jabrlanganlarga birinchi tibbiy va boshqa zarur yordam ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.