Savdodan tashqari hamkorlik: Hindiston va O'zbekiston farmatsevtika sohasida
Savdodan tashqari hamkorlik: Hindiston va O'zbekiston farmatsevtika sohasida
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hindiston va O'zbekiston ikki mamlakat o'rtasida dori-darmonlarning mavjudligi va sifatini yaxshilash hamda sanoat hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan investitsiyalar va sog'liqni saqlash sohasidagi islohotlar fonida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda.
Asrlar davomida shakllangan rishtalar, ertangi kun uchun yangicha mazmunda
Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yaqinda yuzaga kelgan diplomatik aloqalar mahsuli emas. Asrlar davomida sivilizatsiyalarimiz bir vaqtlar Osiyoni yagona tirik makonga aylantirgan tarixiy savdo yo‘llari orqali nafaqat tovarlar, balki falsafa, ilm-fan va tabobat an’analarini ham o‘zaro almashib kelgan. Tabiblar, olimlar va savdogarlar bugungi zamonaviy tijoratimizni qo‘llab-quvvatlayotgan ayni yo‘llar bo‘ylab safar qilganlar. Ana shu mustahkam sivilizatsion poydevor ustida bugungi farmatsevtika sohasidagi hamkorlik yangi mazmun bilan rivojlantirilmoqda.
Biroq ushbu hamkorlikni uning asl mohiyati bilan anglash zarur. Bu ikki suveren davlat o‘rtasidagi oddiy tijorat aloqasi emas. Bu fuqarolarimiz uchun dori vositalarining mavjudligi, hamyonbopligi va sifatini ta’minlashga qaratilgan umumiy va mas’uliyatli sa’y-harakatdir. Bu umumiy qadriyatlar, mushtarak tarix va eng avvalo, xalqlarimiz farovonligi hamda inson qadr-qimmatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi hamkorlikdir.
O‘zbekiston: jadal o‘zgarishlar yo‘lida
Men Toshkentga o‘n besh yildan ortiq vaqt davomida muntazam tashrif buyurib kelaman va shu davr ichida mamlakat infratuzilmasi, davlat boshqaruvi, moliyaviy tizimi hamda farmatsevtika sohasida yuz bergan ulkan o‘zgarishlarning bevosita guvohi bo‘lganman. O‘zbekiston uzoq yillardan buyon taraqqiyotga intilgan jamiyat sifatida shakllangan. Men yaqinda kuzatgan O‘zbekiston esa yanada kuchli, yanada faol va shaffof boshqaruv, ochiqlik hamda rivojlanishga bo‘lgan qat’iy intilish yaqqol namoyon bo‘layotgan mamlakatdir.
Mintaqada Rossiyadan keyingi ikkinchi eng katta aholiga ega bo‘lgan va ehtimol eng yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini namoyon etayotgan O‘zbekiston, ayniqsa farmatsevtika sohasida investitsiyalar uchun juda istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Hindistonlik tadbirkorlar va kompaniyalar tomonidan O‘zbekistonda allaqachon sezilarli investitsiyalar amalga oshirilgan va yana ko‘plab loyihalar rejalashtirilmoqda.
Hindiston O‘zbekiston uchun farmatsevtika sohasida ham investitsion, ham savdo hamkori sifatida muhim o‘rin tutishda davom etmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimidagi keng ko‘lamli islohotlar sifatli dori vositalarining hamyonbopligini oshirish, shuningdek, aholining eng zamonaviy davolash usullari va dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Har ikkala yo‘nalishda ham Hindiston O‘zbekistonning muhim hamkori sifatida maydonga chiqmoqda.
O‘zbekiston: Markaziy Osiyoning strategik yuragi
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda alohida strategik ahamiyatga ega mamlakatdir. O‘ttiz sakkiz milliondan ortiq aholisi va jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti bilan u mintaqaning eng muhim bozorlaridan biri hisoblanadi. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan sog‘liqni saqlash islohotlari, aholi sonining o‘sishi, iqtisodiy rivojlanish hamda ortib borayotgan tibbiy ehtiyojlar hind farmatsevtika va unga aloqador korxonalar uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda.
Ikki mamlakat o‘zining kuchli tomonlari bilan bir-birini tabiiy ravishda to‘ldiradi. Hindiston ko‘lam, salohiyat va to‘plangan tajribani taklif etsa, O‘zbekiston kelajakni ko‘ra biladigan qarashlar, yuksak maqsadlar va zamonaviy tibbiyot taqdim eta oladigan eng yaxshi sog‘liqni saqlash natijalariga loyiq fuqarolarni taklif etadi.
Hindiston: dunyoning dorixonasi
So‘nggi o‘n yilliklar davomida Hindiston global sog‘liqni saqlash tizimida o‘ziga xos va tengsiz mavqega ega bo‘ldi. Bugungi kunda u haqli ravishda “Dunyoning dorixonasi” sifatida e’tirof etiladi. Hindiston farmatsevtika mahsulotlari dunyoning ikki yuzdan ortiq mamlakatlariga yetkazib berilib, barcha qit’alardagi insonlar hayotini saqlab qolishga xizmat qilmoqda.
Bu e’tirof shunchaki chiroyli ta’rif emas. U aniq va tasdiqlangan salohiyatga asoslanadi. Hindiston farmatsevtika sanoati klinik tadqiqotlardan boshlab faol farmatsevtik ingredientlar (API) ishlab chiqish, formulatsiya yaratish, API ishlab chiqarish va tayyor dori vositalari ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda to‘liq imkoniyatlarga ega.
Hindistonda AQShdan tashqaridagi eng ko‘p AQSh Oziq-ovqat va dori vositalari boshqarmasi (US FDA) tomonidan tasdiqlangan ishlab chiqarish korxonalari mavjud. Shuningdek, ko‘plab Yevropa Ittifoqining GMP sertifikatiga ega zavodlar va uch mingdan ortiq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti GMP talablariga mos ishlab chiqarish obyektlari faoliyat yuritmoqda. Bu ko‘rsatkichlar shunchaki statistika emas, balki chuqur va puxta shakllangan sanoat infratuzilmasining ifodasidir.
Hindiston farmatsevtika kompaniyalari JSST, UNICEF va boshqa xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotlarining asosiy dori va vaksina yetkazib beruvchilari qatoriga kiradi. O‘tgan yilda AQShda tasdiqlangan qisqartirilgan yangi dori arizalarining (ANDA) qirq foizdan ortig‘i hind kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, AQShda berilgan retseptlarning qirq foizidan ortig‘ida kamida bitta hind mahsuloti mavjud. Bu raqamlar bitta haqiqatni tasdiqlaydi: dunyo o‘z dori vositalarining muhim qismini Hindistonga tayanib ta’minlaydi.
Xuddi shuningdek, narx masalasi ham katta ahamiyatga ega. Hindiston farmatsevtika mahsulotlari patent muddati tugagan dori vositalari segmentida eng sifatli va eng hamyonbop mahsulotlar sifatida tan olingan. Mustaqil tadqiqotlar hind dori vositalari dunyodagi eng arzon sifatli dori vositalari ekanligini ko‘rsatmoqda. Sifat va arzonlikning bunday noyob uyg‘unligi millionlab insonlar hayotini saqlab qolgan va saqlab qolishda davom etmoqda.
Hindiston muvaffaqiyatining asosiy ustunlari
Hindiston farmatsevtika sanoatining kuchi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bir qator omillarga asoslanadi. Mamlakat kimyo va formulatsiya ishlab chiqish bo‘yicha chuqur tajribaga ega. Klinik tadqiqotlar uchun keng patent bazasi mavjud. Farmatsevtika, tibbiyot va boshqa tegishli yo‘nalishlardagi ko‘plab oliy ta’lim muassasalari kuchli akademik poydevor yaratadi.
Mamlakatning tartibga solish tizimi mustahkam bo‘lib, doimiy ravishda takomillashtirilmoqda. Ko‘plab hind kompaniyalari dunyoning eng qat’iy nazorat organlari tomonidan tasdiqlangan. Ushbu omillar yig‘indisi Hindistonga global farmatsevtika ta’minot zanjirining hajm bo‘yicha yigirma foizdan ortig‘iga xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda.
Hajm yetakchiligidan qiymat yetakchiligiga
Bugungi kunda Hindiston tarixiy va strategik ahamiyatga ega yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Mamlakat farmatsevtika sanoati hajm bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolgan holda, innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar orqali qiymat yaratish bo‘yicha ham yetakchilik sari intilmoqda. Hindiston hukumati ushbu o‘zgarishni qo‘llab-quvvatlashda katta qat’iyat namoyon etmoqda.
Turli sohalarda innovatsiyalarni rag‘batlantirish uchun taxminan 11 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan. Biopharma Shakti dasturi doirasida biotexnologik va biofarmatsevtik tadqiqotlar uchun 1,1 milliard AQSh dollari ko‘zda tutilgan. Farmatsevtika va tibbiy texnologiyalar sohasida tadqiqot hamda innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan PRIP dasturi esa 650 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, sanoatning sifat standartlarini oshirish uchun ham sezilarli mablag‘lar ajratilgan.
Hindiston farmatsevtika sanoati bugungi kunda akademik muassasalar, davlat idoralari, tibbiyot mutaxassislari, kontrakt tadqiqot tashkilotlari va innovatsion markazlar bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Maqsad ulkan, ammo erishish mumkin bo‘lgan vazifa — 2047 yilga qadar yuzta innovatsion mahsulot yaratishdir.
Raqamlar bu yo‘nalishni yaqqol tasdiqlaydi. Hozirgi kunda Hindiston farmatsevtika sanoatining hajmi 60 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Shundan 30 milliard dollari eksport, qolgan 30 milliard dollari esa ichki bozorga to‘g‘ri keladi. Sanoat hajmi 2030 yilga borib 100 milliard dollarga, 2047 yilga borib esa 500 milliard dollarga yetishi prognoz qilinmoqda.
Bu rivojlanish Hindiston Bosh vaziri hurmatli Shri Narendra Modi tomonidan ilgari surilgan 2047 yilga qadar rivojlangan Hindiston barpo etish maqsadiga to‘liq mos keladi va farmatsevtika sanoati ushbu maqsadga munosib hissa qo‘shishni o‘zining vazifasi deb biladi.
Mazmunli hamkorlik yo‘nalishlari
Hamkorlik imkoniyatlari juda keng va mazmunlidir. Hindiston farmatsevtika sanoati O‘zbekistonda davolash xarajatlarini kamaytirishga sifatli va arzon dori vositalarini yetkazib berish orqali o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi.
Hindistonlik tadbirkorlar allaqachon O‘zbekistonda bir qator ishlab chiqarish korxonalariga sarmoya kiritgan. Ularning ayrimlari faoliyat yuritmoqda, ayrimlari esa ishga tushirish bosqichida. Bu Hindistonning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi va uzoq muddatli sadoqatini namoyon etadi.
Farmatsevtika sohasidan tashqari, hind tadbirkorlari shifoxonalar va boshqa sog‘liqni saqlash muassasalarini tashkil etish bo‘yicha ham katta investitsiyalar kiritishlari mumkin.
Hindiston O‘zbekistonda mahalliy farmatsevtika ishlab chiqarishini rivojlantirishda ham muhim rol o‘ynashi mumkin. Bunga ishlab chiqarish va qadoqlash uskunalari, HVAC tizimlari, suv tayyorlash tizimlari, oqova suvlarni tozalash inshootlari va boshqa zarur infratuzilma yechimlarini yetkazib berish kiradi. O‘zining yetuk va xalqaro miqyosda tan olingan muhandislik sanoati bilan Hindiston bu borada yordam berishga tayyor.
Bundan tashqari, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohalaridagi Hindiston yetakchiligi sog‘liqni saqlash texnologiyalari va raqamli tibbiyot yo‘nalishlarida hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochib beradi.
Kelajak uchun umumiy qarash
Farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalarida Hindiston va O‘zbekiston hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar son-sanoqsizdir. Barcha tashabbuslarni birlashtirib turuvchi maqsad esa aniq va ezgudir: O‘zbekiston fuqarolari uchun sifatli dori vositalari va eng zamonaviy davolash usullarining mavjudligi hamda hamyonbopligini ta’minlash.
Hindiston Dori Ishlab Chiqaruvchilari Assotsiatsiyasi (IDMA) ushbu yo‘lda qo‘llab-quvvatlovchi hamkor sifatida xizmat qilishga tayyor va qat’iy intiladi. Biz bu hamkorlikka kamtarlik, samimiyat va birgalikda bunyod etayotgan ishlarimiz kelajak avlodlarga xizmat qilishiga bo‘lgan chuqur ishonch bilan yondashamiz.
Xalqlarimiz o‘rtasida asrlar davomida shakllangan rishtalar bugun o‘zining yangi ifodasini topmoqda. Bu ifoda insoniyat uchun eng muhim vazifalardan biri — hayotni asrash va uni yanada yuksaltirish yo‘lidagi hamkorlikdir.
Muallif: Doktor Viranchi Shah
Hindiston Dori Ishlab Chiqaruvchilari Assotsiatsiyasining (IDMA)
milliy matbuot kotibi va tashkilotning sobiq prezidenti.