Qozog‘istonda O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi halok bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 22 avgust kuni ertalab Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi halok bo‘ldi. Hodisa Nexia-2 avtomobili va KamAZ yuk avtomobili ishtirokida sodir bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, YTH soat 06:47 da Qizilo‘rda viloyati Birqazan tumanidagi «Qorabutak — Qizilo‘rda — Shimkent» KAZ06 respublika ahamiyatidagi avtomobil yo‘lining 1831–1836 kilometrlari oralig‘ida sodir bo‘lgan.
Halok bo‘lganlarning barchasi Nexia-2 avtomobili salonida bo‘lgan. Ular hodisa joyida vafot etgan.
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi masʼul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzdi. Guruh halok bo‘lganlarning jasadlarini O‘zbekistonga olib kelish va ularning oila aʼzolariga yordam ko‘rsatish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining masʼul xodimlari Qozog‘istonlik hamkasblari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Tomonlar yo‘l-transport hodisasining sabablari va holatlarini birgalikda aniqlamoqda.