O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Toshkentda qator tashkilot va idoralarga yangi rahbarlar tayinlandi

Dilafro'z Niyazova · 22.08.2026 · 16:10 · 34 views
Toshkentda qator tashkilot va idoralarga yangi rahbarlar tayinlandi
Toshkentda qator tashkilot va idoralarga yangi rahbarlar tayinlandi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda qator tashkilot va idoralarda kadrlar tayinlovi amalga oshirildi.

Umidjon Asadullayev O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligining Toshkent shahar filiali boshlig‘i etib tayinlandi. U Toshkent kimyo-texnologiya institutini “mexanik-muhandis” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Tayinlovga qadar mazkur filial rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Toshkent shahar hududiy filiali direktori lavozimiga Axror Ashrafxanov tayinlandi. U Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini «elektr energetikasi» va «buxgalteriya hisobi» mutaxassisliklari bo‘yicha tamomlagan. Ashrafxanov 2004 yildan buyon «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» AJ va uning filiallarida turli lavozimlarda ishlab kelgan.

Bekzod Bahromov Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasi rahbari etib tayinlandi. U O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati institutini tamomlagan. Bahromov “Nihol” davlat mukofoti sovrindori bo‘lib, 2021 yildan buyon shahar Madaniyat boshqarmasida masʼul lavozimlarda ishlab kelgan.

Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari etib Shukurullo Isroilov tayinlandi. U Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Tayinlovga qadar Isroilov “O‘zbekkonsert” davlat muassasasida ishlagan.

Isroilov xalqaro munosabatlar sohasi mutaxassisi bo‘lib, “Do‘stlik” ordeni va «Madaniyat va sanʼat» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.