Qonunchilik palatasi Ichki ishlar vazirligiga foto va video yozuv tizimlarining ishlashi bo'yicha murojaat qildi
Qonunchilik palatasi Ichki ishlar vazirligiga foto va video yozuv tizimlarining ishlashi bo'yicha murojaat qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda Ichki ishlar vaziri A. Toshpo‘latovga “Avtomobil yo‘llaridagi foto-video qayd etish texnika vositalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi samaradorligi hamda yo‘l harakati sohasiga axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, ushbu sohaga oid munosabatlarni tartibga soluvchi mustahkam huquqiy baza yaratildi. Xususan, “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun hamda Prezidentimizning bir qator qarorlari qabul qilindi.
Yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish va nazorat tizimini samarali tashkil etish maqsadida avtomobil yo‘llariga zamonaviy kameralar va radarlar o‘rnatilmoqda. Ular yo‘l harakati ishtirokchilarining qoidalarga rioya etishini nazorat qilishda samarali vosita hisoblanib, haydovchilarning mas’uliyatini oshirishga, qoidabuzarliklar va yo‘l-transport hodisalari soni kamayishiga hamda sohada korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglarida fuqarolar bilan o‘tkazilgan muloqotlari va uchrashuvlari davomida transport vositalari haydovchilari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklarni aniqlovchi foto-video qayd etish texnika vositalarining yoki ko‘chma fotoradarlarning faoliyati borasida ayrim e’tirozlar bildirilmoqda.
Xususan, ruxsat etilgan tezlik ko‘rsatkichlari keskin o‘zgaradigan qismlarda yo‘l belgilari yetarli darajada ko‘rinadigan nuqtalarga o‘rnatilmagani, foto-video qayd etish tizimida ma’lumotlarni qayta ishlash chog‘ida jarimalarni hisoblashda texnik xatolarga yo‘l qo‘yilishi natijasida asossiz ravishda ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi, ayrim yo‘llarning sifati talab darajasida emasligi, yo‘l chiziqlarining ko‘rinmasligi yoki noto‘g‘ri belgilangani o‘z navbatida, yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga olib kelayotgani va piyodalar yo‘laklarida svetoforlar yetishmayotgani fuqarolarning haqli e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, Prezidentimiz raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, jumladan, avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash hamda yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish yuzasidan bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi”ning ijrosi, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishidagi loyihalarni moliyalashtirish, foto-video qayd etish texnika vositalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi samaradorligi va natijadorligi tahlili hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida Ichki ishlar vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.