Qashqadaryoda FVV xodimi cho‘kayotgan bolani qutqardi
Qashqadaryoda FVV xodimi cho‘kayotgan bolani qutqardi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimi, mayor Xusniddin Sharapov Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida Qashqadaryo daryosida cho‘kayotgan 9 yoshli bolani qutqarib qoldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Hodisa 23 may kuni soat taxminan 17:00 atrofida sodir bo‘lgan. Idora maʼlumotiga ko‘ra, bola velosiped haydab ketayotgan vaqtda muvozanatni yo‘qotib, daryoga tushib ketgan.
Bolaning akasi yordam so‘ray boshlagan. Uni daryo yaqinida yashovchi Xusniddin Sharapov eshitgan.
Mayor zudlik bilan suvga tushib, bolani qutqarib qolgan. Ayni vaqtda bola uyida bo‘lib, uning ahvoli yaxshi deb baholanmoqda.
Xusniddin Sharapov Kitob tumanidagi qutqaruv qismlaridan birida guruh qo‘mondoni sifatida xizmat qiladi.