Qamchiq dovonida yuk mashinasi ariqdan olib chiqildi
Qamchiq dovonida yuk mashinasi ariqdan olib chiqildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lida ariqqa chiqib ketgan yuk avtomobili Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan evakuatsiya qilindi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
FVV maʼlum qilishicha, yo‘l-transport hodisasi haqidagi xabar 21 iyul kuni soat 04:30 da “Qamchiq” maxsus qutqaruv boshqarmasiga kelib tushgan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, «Toshkent — Farg‘ona vodiysi» yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan Isuzu rusumli yuk avtomobili haydovchisi boshqaruvni uddalay olmagan. Oqibatda transport vositasi yo‘l chetidagi ariqqa chiqib ketgan.
Hodisa joyiga yetib kelgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari maxsus texnika yordamida yuk avtomobilini chiqarib, xavfsiz joyga ko‘chirgan.
Idora maʼlumotiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi oqibatida hech kim jabrlanmagan.