Qamashida tuproqni muhofaza qiluvchi resurs tejovchi texnologiyalar va yomg‘ir suvlarini yig‘ish bo‘yicha dala kuni o‘tkazildi

Qamashida tuproqni muhofaza qiluvchi resurs tejovchi texnologiyalar va yomg‘ir suvlarini yig‘ish bo‘yicha dala kuni o‘tkazildi

Qamashida tuproqni muhofaza qiluvchi resurs tejovchi texnologiyalar va yomg‘ir suvlarini yig‘ish bo‘yicha dala kuni o‘tkazildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida “Lalmi yerlarda ekinlarni yerga ishlov bermasdan ekish va yomg‘ir suvini yig‘ish texnologiyalari” mavzusida dala kuni o‘tkazildi. Tadbir “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi” (FOLUR-Oʻzbekiston) loyihasi doirasida tashkil etildi.

GEF tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyihaning maqsadi — bug‘doyga asoslangan barqaror va inklyuziv ishlab chiqarish landshaftlari hamda qiymat zanjirlarini rivojlantirish uchun eng yaxshi amaliyotlar va innovatsiyalarni joriy etishdan iborat.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuxurov, FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va hududiy qishloq xo‘jaligi boshqarmalari vakillari, fermerlar, mutaxassislar hamda loyiha hamkorlari ishtirok etdi.

Seminar davomida FOLUR loyihasi doirasida resurs tejovchi va tuproqni himoya qiluvchi texnologiyalarning asosiy tamoyillari va afzalliklari, tuproq unumdorligini saqlash, namlikni boshqarish hamda o‘simlik qoldiqlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilar ko‘rgazmali maydonda yerga ishlov bermasdan ekish texnologiyasi bo‘yicha amaliy dala ishlari, tuproq profili va infiltratsiyasi namoyishi bilan tanishdi.

Tadbir doirasida kuzgi bug‘doyni yerga ishlov bermasdan ekish texnologiyasining samaradorligi, ekinlar almashinuvi, tuproq yuzasida o‘simlik qoldiqlari qoplamasini saqlash, tuproq namligini ushlab turish, suvning tuproqqa singishi va tuproq zichligi kabi muhim agrotexnik ko‘rsatkichlar amalda ko‘rsatib berildi. Shuningdek, an’anaviy texnologiyalar asosida yetishtirilgan ekinlar bilan yerga ishlov bermasdan yetishtirilgan ekinlar o‘rtasidagi farqlar taqqoslandi.

Dala seminarining muhim yo‘nalishlaridan biri yomg‘ir suvini yig‘ish va undan samarali foydalanish texnologiyalarini namoyish etish bo‘ldi. FOLUR-O‘zbekiston loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyatida 3 ta maydonda jami 6 gektar hududda suv yig‘ish texnologiyalari joriy etilgan. Ular orasida yuqori qiyaliklar uchun tosh bilan mustahkamlangan gradoni terrasalar, o‘rta qiyaliklar uchun mustahkamlanmagan gradoni terrasalar, past qiyaliklar uchun esa xandaqlar, chuqurchalar va suv yo‘naltiruvchi polosalar qo‘llanilgan.

Ishtirokchilar pistaning vegetatsiya davrida yomg‘ir suvini yig‘ish texnologiyalari bilan ham tanishdi. Loyiha doirasida suv yig‘ish texnologiyalari qo‘llanilgan maydonlarda pista ekilgan maydon bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar yarim oy shaklidagi suv yig‘uvchi texnologiyani ko‘zdan kechirdi. Ushbu texnologiya yomg‘ir suvini tuproqda ushlab qolish va uni o‘simlik ildiz zonasiga yo‘naltirish orqali lalmi yerlarda namlikdan samarali foydalanish imkonini beradi. Bu ayniqsa qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini iqlim o‘zgarishiga moslashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Dala seminari davomida fermerlar o‘z tajribalari va amaliy natijalari bilan o‘rtoqlashdi. Muhokamalar davomida tuproq unumdorligini oshirish, hosildorlikni ko‘paytirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va lalmikor hududlarda barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

FOLUR-O‘zbekiston loyihasi doirasida bunday dala seminarlari fermerlar va mutaxassislarga yangi texnologiyalarni bevosita dala sharoitida ko‘rish, ularning amaliy samaradorligini baholash va mahalliy sharoitga moslashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, tadbir fermerlar, soha mutaxassislari, davlat tashkilotlari va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

FAO va hamkor tashkilotlar O‘zbekistonda tuproqni muhofaza qiluvchi resurs tejovchi texnologiyalar, suv tejovchi va iqlimga mos qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini keng joriy etish orqali barqaror oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish, yer resurslarini tiklash va fermer xo‘jaliklarining barqarorligini oshirishga ko‘maklashishni davom ettiradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling