O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish 15,4 foizga oshdi
O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish 15,4 foizga oshdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil yanvar–may oylarida O‘zbekistonning yirik korxonalari tomonidan 43,4 trln so‘mlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi maʼlum qildi.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, ishlab chiqarish hajmi 2025 yilning mos davriga nisbatan 15,4 foizga oshgan.
Hisobot davrida eng katta hajmdagi to‘qimachilik mahsulotlari Farg‘ona viloyatida ishlab chiqarilgan bo‘lib, ko‘rsatkich 5,4 trln so‘mni tashkil etdi.
Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati — 4,3 trln so‘m, Qashqadaryo viloyati — 4,2 trln so‘m, Xorazm viloyati — 3,9 trln so‘m va Buxoro viloyati — 3,7 trln so‘m qayd etildi.
Namangan viloyatida 3,6 trln so‘mlik, Samarqand viloyatida 3,4 trln so‘mlik, Surxondaryo viloyatida esa 2,9 trln so‘mlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarildi. Toshkent shahrida ishlab chiqarish hajmi 2,8 trln so‘mga, Toshkent viloyatida esa 2,6 trln so‘mga yetdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatida korxonalar har bir hududda 2,2 trln so‘mlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqardi.
Sirdaryo viloyatida mazkur ko‘rsatkich 1,2 trln so‘mni, Navoiy viloyatida esa 1 trln so‘mni tashkil qildi.