O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Jizzax viloyatida 1,9 mlrd so‘mlik soliq keshbeki talon-toroj qilingani aniqlandi

UzDaily tahririyati · 21.07.2026 · 12:30 · 47 views
Jizzax viloyatida 1,9 mlrd so‘mlik soliq keshbeki talon-toroj qilingani aniqlandi

Jizzax viloyatida 1,9 mlrd so‘mlik soliq keshbeki talon-toroj qilingani aniqlandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jizzax viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar Soliq Mobile ilovasi orqali soliq keshbeki sifatida to‘langan 1,9 mlrd so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinganini aniqladi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.

Idora maʼlumotiga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv davomida fuqarolar R. A. va T. Sh. «B. R.» hamda «A. A.» kompaniyalarining masʼul shaxslari bilan oldindan til biriktirgan holda umumiy qiymati 16,6 mlrd so‘mlik tovar yetkazib berish bo‘yicha soxta hujjatlarni rasmiylashtirgani aniqlangan. Shundan so‘ng nazorat-kassa mashinalari orqali go‘yoki mahsulot sotishdan tushgan pul mablag‘lari o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, ushbu sxema ishtirokchilari 3106 ta kassa chekini chop etgan. Mazkur cheklar asosida ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolarga Soliq Mobile ilovasi orqali soliq keshbeki hisoblangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 167-moddasi hamda soxta hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blanklarni tayyorlash, qalbakilashtirish, o‘tkazish yoki ulardan foydalanishga oid 228-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu kabi qonunbuzarliklar avval ham qayd etilgan. Avvalroq Andijon viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar soliq keshbeki mexanizmi orqali 35 mlrd so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinganini maʼlum qilgan edi. Farg‘ona viloyatida esa soxta kassa cheklaridan foydalanib 3,2 mlrd so‘mni noqonuniy o‘zlashtirgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Iyul oyi boshida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va fiskal tahlil instituti xarid cheklari uchun ommaviy soliq keshbeki amaliyotidan voz kechib, maqsadli rag‘batlantirish choralariga o‘tishni taklif qildi.