O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yangi qoʻshma loyihalarni muhokama qilishdi

UzDaily tahririyati · 21.07.2026 · 13:00 · 46 views
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yangi qoʻshma loyihalarni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yangi qoʻshma loyihalarni muhokama qilishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Bishkek shahriga xizmat safari amalga oshirildi.

Qirg‘iz Respublikasi hukumati va ishbilarmon doiralari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda o‘zaro savdo hajmini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyatini faollashtirish, uning loyiha portfelini kengaytirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini moliyalashtirishni jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, yaqin kunlarda Bishkek shahrida 300 nafarga yaqin tadbirkor ishtirokida biznes-forum o‘tkazishga kelishib olindi.

Sanoat qurilishi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, foydali qazilmalarni qazib olish, to‘qimachilik, logistika va sog‘liqni saqlash sohalaridagi tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Jumladan, O‘sh viloyatida to‘qimachilik va tikuvchilik klasteri hamda sanoat-logistika markazini tashkil etish, chegaraoldi savdosini rivojlantirish va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xizmat safari yakunlari bo‘yicha kelishilgan loyihalarni amalga oshirish yuzasidan mas’ul ijrochilar hamda keyingi amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.