Pitsburg universiteti Farg‘ona bilan hamkorlikni kengaytiradi
Pitsburg universiteti Farg‘ona bilan hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida AQSHning Pitsburg universiteti hamshiralik maktabi dekani Kristin Kasper boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda Pitsburg universiteti hamda Farg‘ona viloyatidagi tibbiyot oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida taʼlim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, qo‘shma dastur va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi bugungi kunda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi. Shuningdek, AQSHning taʼlim tizimida erishilayotgan yutuqlar va zamonaviy tibbiy kadrlar tayyorlash bo‘yicha ilg‘or tajribasi yuksak baholandi.
Uchrashuvda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri ekani taʼkidlandi.
Dunyo standartlariga mos o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash, ularning xorijiy tillarni chuqur o‘rganishini taʼminlash, shuningdek, AQSHda malaka oshirish va stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Farg‘ona shahridagi Central Asian Medical University va Pitsburg universiteti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik alohida eʼtirof etildi va uni yana-da kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga viloyatdagi salohiyatli tibbiyot markazlari va sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berildi.
Viloyat hokimi mazkur muloqot Farg‘ona viloyati va Pitsburg universiteti o‘rtasida taʼlim va tibbiyot sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichiga asos solishiga ishonch bildirib, kelgusidagi hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanligini taʼkidladi.
Pitsburg universiteti – AQSHning Pensilvaniya shtatida joylashgan nufuzli davlat tadqiqot universitetlaridan biri hisoblanadi. Dunyo va AQSH oliygohlarining top-200 ro‘yxatidan mustahkam joy olgan.