O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekistonda raqamli suv resurslarini boshqarish joriy etiladi

UzDaily · 17.06.2026 · 21:35 · 52 views
Oʻzbekistonda raqamli suv resurslarini boshqarish joriy etiladi

Oʻzbekistonda raqamli suv resurslarini boshqarish joriy etiladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda obdon muhokama qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, ularning hisobini yuritish hamda monitoringini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, sohani raqamlashtirish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Muhokama qilingan qonun loyihasi ham mazkur islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, suv xo‘jaligi sohasidagi mavjud munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan.

Xususan, loyihada suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomalarni maxsus axborot tizimi orqali avtomatlashtirilgan tarzda elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda. Deputatlar fikricha, mazkur yangilik inson omilini kamaytirish, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, suv xo‘jaligi obyektlari va xizmatlarini autsorsing hamda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish jarayonlarini tender va tanlovlar orqali amalga oshirish tartiblari aniqlashtirilmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar suv resurslari iqtisodiy taraqqiyot, ekologik barqarorlik va aholi farovonligini ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Shu bois, mazkur sohada zamonaviy boshqaruv usullarini keng joriy etish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish va xususiy sektor imkoniyatlarini jalb qilish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligi qayd etildi.

Majlisda qonun loyihasi yuzasidan bir qator aniqlashtiruvchi savollar ko‘tarildi, tegishli taklif va tavsiyalar berildi.   

Munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

UzDaily · 👁 52 views · 17.06.2026 · 21:35