Oʻzbekistonda harbiy xizmatchilarning maqomi toʻgʻrisida qonun qabul qilindi
Oʻzbekistonda harbiy xizmatchilarning maqomi toʻgʻrisida qonun qabul qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda dastlab “Harbiy xizmatchilarning maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, munosib xizmat va yashash sharoitlarini yaratish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi ham ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, harbiy xizmatchilarning huquqiy maqomini belgilash, ularning huquqlari, erkinliklari, majburiyatlari va javobgarligiga oid munosabatlarni, shuningdek harbiy xizmatchilar, harbiy xizmatdan bo‘shatilgan fuqarolar va ularning oila a’zolarini huquqiy hamda ijtimoiy himoya qilish masalalarini yagona qonun darajasida tartibga solishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim kafolatlar nazarda tutilmoqda. Xususan, harbiy xizmatchilarni moddiy ta’minlash, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, uy-joy bilan ta’minlash, majburiy davlat sug‘urtasi va pensiya ta’minoti, shuningdek xizmat vazifasini bajarish chog‘ida jarohat olgan yoki halok bo‘lgan taqdirda kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish kabi mexanizmlar qonun darajasida mustahkamlanmoqda.
Shu bilan birga, ularning oila a’zolariga tibbiy xizmatdan foydalanish, farzandlarini ta’lim va dam olish muassasalariga joylashtirish hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilarning farzandlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari belgilanyapti.
Majlisda mazkur qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinganidan so‘ng Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar, sohaga oid qonunchilik hujjatlari hamda huquqni qo‘llash amaliyoti natijalari atroflicha o‘rganilgani urg‘ulandi.
Sherzod QULMATOV, mas’ul qo‘mita a’zosi:
— Birinchi o‘qishda deputatlar tomonidan harbiy xizmatchilarning huquqiy maqomini belgilashga oid ayrim normalarni aniqlashtirish, ijtimoiy kafolatlarni kuchaytirish, huquq va majburiyatlarning mazmunini yanada ravshan ifodalash, qonun normalarini amaliyotda qo‘llashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turlicha talqinlarni bartaraf etish hamda qonunning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilish mexanizmlarini yaxshilashga qaratilgan takliflar bildirilgan edi. Mazkur takliflar qo‘mita va ishchi guruh yig‘ilishlarida har tomonlama muhokama qilinib, ularning aksariyati qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida inobatga olindi. Natijada loyihaning bir qator normalari tahririy va yuridik-texnik jihatdan qayta ishlandi. Ayrim qoidalarning mazmuni aniqlashtirilib, huquqni qo‘llash amaliyoti uchun qulay bo‘lgan huquqiy mexanizmlar shakllantirildi. Shuningdek, loyihadagi normalarning o‘zaro muvofiqligini ta’minlash, huquqiy bo‘shliqlar va turlicha talqin qilinishi mumkin bo‘lgan holatlarni bartaraf etish, qonunning huquqni qo‘llash amaliyotidagi samaradorligini oshirish maqsadida qo‘shimcha tahrirlar kiritildi.
Muhokamalar jarayonida qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi harbiy xizmatchilarning huquqiy maqomini belgilashda yagona huquqiy yondashuvni shakllantirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ijtimoiy kafolatlarni mustahkamlash hamda harbiy xizmat nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.