Oʻzbekiston va Yaponiya Orol dengizi mintaqasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Yaponiya Orol dengizi mintaqasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yilda “Eco Expo Central Asia” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida “Silk Road Samarkand” majmuasida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi iqlim barqarorligi, suv resurslari, ekologik innovatsiyalar hamda barqaror qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan parallel tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Birinchi sayd-ivent — “Japan – Uzbekistan Blue & Green Nexus: Science, Sustainability, and Community Resilience for Climate Action” (“Yaponiya – O‘zbekiston “havorang” va “yashil” bog‘liqligi: iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda ilm-fan, barqaror rivojlanish va jamoalarning chidamliligi”) iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil energetika va ekologik innovatsiyalar masalalariga bag‘ishlandi. Tadbir davomida JICA va JST ko‘magida, O‘zbekiston ilmiy muassasalari bilan hamkorlikda SATREPS dasturi doirasida amalga oshirilayotgan qo‘shma tashabbuslar taqdim etildi.
Kioto universiteti professori Kenzi Tanaka Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va ularni monitoring qilish bo‘yicha iqlimga mos texnologiyalarni ishlab chiqish loyihasini taqdim etdi. H2UZ SATREPS loyihasi eksperti Yuki Yanagida Ab Farah uglerod neytralligiga erishish maqsadida yashil va havorang vodorod ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish ishlari haqida ma’lumot berdi.
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) rektori Baxtiyor Po‘latov ekologiya, iqlimga moslashuv va barqaror rivojlanish sohalarida mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, Markaziy Osiyoda xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha universitet tashabbuslari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, ishtirokchilarga barqaror paxtachilik biznesi va ekologik yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi modellari ham namoyish etildi. “MASUI Corp. Ltd.” kompaniyasining Toshkent ofisi rahbari Chinori Tokita ekologik mas’uliyatli paxta yetishtirish tamoyillari haqida so‘z yuritdi. OISCA tashkilotining bosh loyiha koordinatori doktor Satoshi Togashi esa tashkilotning O‘zbekistondagi loyihalarini taqdim etdi.
Ekologik kun tartibidagi navbatdagi sayd-ivent Orolbo‘yi xalqaro innovatsion markazi (IICAS) tomonidan BLUE SATREPS loyihasi doirasida yapon hamkorlari bilan birgalikda tashkil etildi. Unda yerlarning degradatsiyasi, tuproq sho‘rlanishi, suv resurslari tanqisligi hamda Orolbo‘yi hududida barqaror qishloq xo‘jaligi va iqlim o‘zgarishiga moslashuv uchun ilmiy asoslangan yechimlarni joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida professor Kenzi Tanaka mintaqadagi iqlim va suv resurslari o‘zgarishining ehtimoliy ssenariylari haqida ma’ruza qildi. Professorlar Bahriddin Nishonov va Baxtiyor Xolmatjanov meteorologik tarmoqlarni rivojlantirish hamda Yerning masofadan zondlash platformalarini o‘z ichiga olgan zamonaviy monitoring tizimlarini taqdim etdilar. Tottori universiteti professori Kristina Toderich esa sho‘rga chidamli o‘simliklardan foydalanishga asoslangan “galofitlar negizidagi aylanuvchi aralash qishloq xo‘jaligi” konsepsiyasini tanishtirdi.
Tadbirlar yakunida ishtirokchilar ilmiy hamkorlikni kengaytirish, iqlimga chidamli texnologiyalarni joriy etish va Markaziy Osiyoda qo‘shma ekologik tashabbuslarni ilgari surish muhimligini ta’kidladilar. O‘tkazilgan sayd-iventlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ekologik hamda ilmiy-texnologik hamkorlikning yuqori darajasini yana bir bor tasdiqladi.