Oʻzbekiston va Yaponiya iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Yaponiya iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 10-iyun kuni Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Hirata Kendzi boshchiligidagi delegatsiyasi vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sakai Mamoru, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar iqtisodiy, ijtimoiy va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish, mavjud loyihalar samaradorligi, shuningdek, istiqboldagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Xususan, muhokamalarda quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish hamda qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi:
Energiya samaradorligini oshirish va resurslardan oqilona foydalanish sohasida hamkorlikni kuchaytirish, sohada innovatsion yechimlarni joriy etish;
Qishloq xo‘jaligi sohasida, xususan chorvachilik yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish;
“Bir qishloq – bir mahsulot” dasturi doirasida hamkorlikni kengaytirish, xususan, mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, qishloq hududlarida aholi bandligini ta’minlash;
Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va zamonaviy loyihalarni amalga oshirish;
Inson resurslarini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va ta’lim sohasida hamkorlik.
Shuningdek, uchrashuv doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokida ikki muhim loyiha yuzasidan notalar almashinuvi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Birinchi loyiha — “Ijtimoiy binolarda energiya samaradorligini oshirish” tashabbusi doirasida maktablar hamda sog‘liqni saqlash muassasalarida energiya tejamkor uskunalar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ko‘zda tutilgan. Loyiha orqali ijtimoiy infratuzilma obyektlarida energiya iste’molini optimallashtirish, resurslardan samarali foydalanishni ta’minlash hamda umumiy energiya samaradorligini oshirish maqsad qilingan.
Ikkinchi loyiha — “Sanoatda energiya samaradorligini oshirish” yo‘nalishida amalga oshirilib, korxonalar va tadbirkorlik subyektlarining energiya tejamkor texnologiyalarga investitsiya kiritishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Ushbu loyiha doirasida energiya samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan tashabbuslarni moliyalashtirish uchun past foizli va uzoq muddatli kreditlar ajratilishi nazarda tutilgan.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, yuqoridagi yo‘nalishlar yuzasidan fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirish hamda belgilangan maqsadlarga yetish tizimli va samarali faoliyat yuritishga kelishib oldi.