O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Xitoy yangi qishloq xoʻjaligi loyihalarini muhokama qilishdi

UzDaily · 16.06.2026 · 13:00 · 28 views
Oʻzbekiston va Xitoy yangi qishloq xoʻjaligi loyihalarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Xitoy yangi qishloq xoʻjaligi loyihalarini muhokama qilishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Aloqabank hamkorligida O‘zbekiston–Xitoy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning davlat idoralari vakillari, moliya institutlari hamda Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirok etdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligi sohasida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosini muhokama qilish va yangi istiqbolli tashabbuslarni ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.

Davra suhbatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi boshqarma boshlig‘i Ixtiyor Niyazmuradov ochib berdi. Tadbir davomida Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Qosimov tomonidan mamlakatimiz, xususan, Samarqand va Jizzax viloyatlarining agrar salohiyati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida taqdimot o‘tkazildi.

Shuningdek, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Samiev va Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Begzod Egamov o‘z hududlarining investitsiya imkoniyatlari, istiqbolli loyihalar va hamkorlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston–Xitoy investitsiyalarni rag‘batlantirish markazi tomonidan ilgari surilayotgan “Aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasi taqdimoti ham o‘tkazildi. Unda raqamli texnologiyalar, innovatsion yechimlar va zamonaviy boshqaruv usullarini qishloq xo‘jaligiga joriy etish orqali samaradorlikni oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ochiq muloqot formatida o‘tgan uchrashuvlarda Xitoy kompaniyalari vakillari bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning borishi, mavjud muammolar va ularni hal etish mexanizmlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, yangi investitsiya tashabbuslari va hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra qator kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, Samarqand va Jizzax viloyati rahbarlari hamda xitoylik investorlar ishtirokida B2B va G2B formatlarida muzokaralar o‘tkazilib, hududlarda yangi loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalarni jalb etish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

UzDaily · 👁 28 views · 16.06.2026 · 13:00