O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Xitoy kompaniyalari shamol energiyasi uskunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni muhokama qilishdi

UzDaily · 16.06.2026 · 22:30 · 34 views
Oʻzbekiston va Xitoy kompaniyalari shamol energiyasi uskunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Xitoy kompaniyalari shamol energiyasi uskunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni muhokama qilishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Xitoyning “Goldwind Science & Technology” kompaniyasi vitse-prezidenti Wu Kai hamda “Sinoma Science & Technology” kompaniyasi vitse-prezidenti Wang Xin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida yurtimizda shamol energetikasi sohasi uchun yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi sanoat quvvatlarini barpo etish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida shamol elektr stansiyalari uchun gibrid temir-beton minoralar, Jizzax viloyatining Zomin tumanida esa kompozit parraklar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini jadallashtirish, mahalliy sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasini oshirish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Qayd etilganidek, mazkur loyihalar shamol energetikasi sohasida mahalliy sanoat zanjirini shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, shamol turbinalari uchun minoralar va kompozit parraklar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasi Markaziy Osiyodagi ilk yirik ishlab chiqarish quvvatlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar amalga oshirilayotgan energetika loyihalarida hamkorlikni kengaytirish va mahalliy kontent ulushini oshirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

UzDaily · 👁 34 views · 16.06.2026 · 22:30