Oʻzbekiston va Vyetnam qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Vyetnam qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi Vyetnam Sotsialistik Respublikasida bo‘lib turibdi. Delegatsiya a’zolari 10-Ildex Vietnam xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida ishtirok etib, sohadagi zamonaviy texnologiyalar hamda yangi ishlanmalar bilan tanishdi.
Tashrif davomida Kulong delta sholichilik ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurildi. Muzokaralarda 2030-yilgacha sholichilik yo‘nalishida ilmiy-innovatsion hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturni amalga oshirishga kelishildi.
Shuningdek, Vyetnam seleksiyasiga mansub ertapishar va stress omillariga chidamli 20 xil nav hamda namunalar O‘zbekiston tomoniga topshirildi. Ushbu navlar sho‘rlanish, kasallik va qurg‘oqchilikka bardoshliligi bilan ahamiyatli hisoblanadi.
Vyetnam sholi yetishtirish bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlardan biri bo‘lib, guruch eksportida jahonda ikkinchi o‘rinni egallaydi. Mamlakatda yiliga uch martagacha hosil olinib, 43 million tonnadan ortiq sholi yetishtiriladi.
Tashrif doirasida sholi poxolida qo‘ziqorin yetishtirish texnologiyasini O‘zbekistonga transfer qilish, guruchni qayta ishlash orqali kraxmal, spirt va chorva ozuqasi ishlab chiqarish, sholi maydonlaridan chiqadigan metan gazlarini ilmiy tahlil qilish, shuningdek, ilmiy xodimlar malakasini oshirish va qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.
Vyetnamning Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhit vazirligi vakillari bilan uchrashuvda parrandachilik, asalarichilik, chorvachilik va baliqchilik yo‘nalishlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, yiliga 80 million bosh parranda va 4 million tonna ozuqa ishlab chiqarish quvvatiga ega Niderlandiyaning Vyetnamdagi “De Heus” kompaniyasi rahbari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muzokaralarda O‘zbekistonda yetishtirilgan mevalarni Vyetnamga eksport qilish, Vyetnamning tropik mevalarini import qilish, shuningdek, ipakchilik, kanopchilik va jut yetishtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari ham qayd etildi.
Ko‘rgazma doirasida Italiyaning “Filiera” kompaniyasi bilan ozuqa ekinlari urug‘chiligi, Belgiyaning “Jodobet” kompaniyasi bilan lavlagidan chorva uchun oqsil olish va mikroelementli o‘g‘itlar ishlab chiqarish, Koreyaning “Saturn Bio Tek” kompaniyasi bilan esa urug‘larni bioo‘g‘itlar bilan kapsulalash loyihalari yuzasidan hamkorlikka kelishildi.
Yakunda vyetnamlik talabalarni O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga taklif qilish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash korxonalari tajribasini o‘rganish rejalashtirilgan.