Oʻzbekiston va Ozarbayjon qurilish sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Ozarbayjon qurilish sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 10-iyun kuni “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan Ozarbayjon Turkiya Savdo Markazi (Türk Ticaret Merkezi) Boshqaruv kengashi raisi janob Yilmaz Okuklu bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, qurilish materiallari sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekiston qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalari mahsulotlarini namoyish etish va targ‘ib qilish maqsadida Ozarbayjon Turkiya Savdo Markazi (Türk Ticaret Merkezi) hududidan savdo maydonlari va shourumlar ajratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini Ozarbayjon bozoriga olib chiqish, ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, B2B uchrashuvlarini tashkil etish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.