ISSV Xitoy delegatsiyasi bilan yangi investitsiya loyihalarini muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 29-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Ko‘chmas mulk sohasi bo‘yicha "Fanlyan" innovatsion o‘quv-tadqiqot markazi direktori hamda Xitoy Ko‘chmas mulk sanoati assotsiatsasining tarmoq hamkorligi bo‘limi raisi o‘rinbosari Chjan Syuy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiya tarkibidan qurilish va ko‘chmas mulk, shisha mahsulotlari, eshik va deraza tizimlari hamda interyer dizayni sohalarida faoliyat yurituvchi Xitoy kompaniyalari vakillari o‘rin oldi.
Tomonlar O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati, mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarining eksport imkoniyatlari hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Xitoy delegatsiyasiga investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun taklif etilayotgan yer uchastkalari, shuningdek mavjud muhandislik va transport infratuzilmasi haqida ma'lumot taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida investitsiya tashabbuslarini birgalikda ishlab chiqishni davom ettirish hamda istiqbolli loyihalarni amaliy amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.