O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

Qoraqalpog‘istonda fermerlar va agro-tadbirkorlar uchun akselerator dasturi ishga tushiriladi

UzDaily tahririyati · 29.07.2026 · 20:40 · 26 views
Qoraqalpog‘istonda fermerlar va agro-tadbirkorlar uchun akselerator dasturi ishga tushiriladi
Qoraqalpog‘istonda fermerlar va agro-tadbirkorlar uchun akselerator dasturi ishga tushiriladi / Foto: ADFD.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘istonda fermerlar va agro-tadbirkorlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tijoratlashtirish hamda yangi bozor imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan maxsus akselerator dasturi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Mazkur tashabbus Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi (ADFD) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qoraqalpog‘istonning degradatsiyaga uchragan hududlarida barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Dastur Birlashgan Arab Amirliklarining ICBA – Sho‘rlangan tuproq sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida tashkil etilmoqda.

3-avgustdan boshlanadigan o‘quv mashg‘ulotlari bir oy davomida Nukus Yoshlar texnoparkida o‘tkaziladi. Unda ishtirokchilar yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar yaratish, zamonaviy biznes yuritish, mahsulotlarni tijoratlashtirish va yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ladilar.

Loyiha doirasida Qoraqalpog‘istondan jami 200 nafar fermer va agro-tadbirkorni qamrab olish rejalashtirilgan.

“Fermerlarni qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqish zarur edi”

ICBA direktori, doktor Tarifa Alzaabining ta’kidlashicha, akselerator dasturi Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilgan loyihalar davomida to‘plangan tajriba va erishilgan natijalar asosida ishlab chiqilgan.

“Loyihalar samarasini tahlil qilish jarayonida fermerlarni qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini ko‘rdik. Dastur orqali ishtirokchilar zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallaydi, ularni o‘z faoliyatida samarali qo‘llash hamda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha zarur tajribaga ega bo‘ladi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dasturning asosiy maqsadi fermer va agro-tadbirkorlarga zarur bilim va amaliy ko‘nikmalar berish orqali ularning muvaffaqiyatli tadbirkor va samarali fermer sifatida shakllanishiga ko‘maklashishdan iborat.

“Farm to Fork” yondashuvi asosida qiymat zanjiri rivojlantiriladi

Tarifa Alzaabining qayd etishicha, bugungi kunda fermerlarni faqat mahsulot yetishtirish bosqichida emas, balki butun qiymat zanjiri bo‘ylab qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega.

“Biz fermerlarni butun qiymat zanjiri bo‘ylab qo‘llab-quvvatlashga intilamiz. Bu mahsulotni yetishtirishdan boshlab, uni qayta ishlash, bozorga chiqarish va iste’molchigacha yetkazishni qamrab olgan “Farm to Fork” yondashuvidir”, — dedi ICBA rahbari.

Uning ta’kidlashicha, dastur doirasida fermerlarga urug‘ ekish va tuproqni tayyorlashdan tortib, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va bozorga olib chiqishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda zarur bilim va ko‘nikmalar beriladi.

Sho‘rga chidamli ekinlar yangi imkoniyatlar yaratadi

ICBA direktori Qoraqalpog‘iston sharoitida iqlimga chidamli ekinlarni joriy etish muhim yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidladi.

“Orol dengizi inqirozi va iqlim o‘zgarishi sharoitida iqlimga chidamli (climate-smart) ekinlarga alohida e’tibor qaratish zarur. Biz Qoraqalpog‘iston fermerlariga qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli ekinlarni joriy qildik. Bu suv va boshqa tabiiy resurslardan samarali foydalanish imkonini beradi”, — dedi Tarifa Alzaabi.

Uning qayd etishicha, bunday ekinlar nafaqat qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshiradi, balki hudud ekotizimiga ham qo‘shimcha qiymat yaratadi.

Akselerator dasturi yakunida yaratiladigan mahsulotlarning bozorga chiqishi, ularni tijoratlashtirish va qo‘shimcha qiymat zanjirini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Tashkilotchilar mazkur tashabbus Qoraqalpog‘istonda innovatsion va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, fermerlar va agro-tadbirkorlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.