Oʻzbekiston va JICA Orol dengizi mintaqasida tuproq shoʻrlanishiga qarshi kurashish loyihasi natijalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va JICA Orol dengizi mintaqasida tuproq shoʻrlanishiga qarshi kurashish loyihasi natijalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi — JICA vakillari ishtirokida Yaponiya hukumatining Barqaror rivojlanish uchun ilm-fan va texnologiya tadqiqot hamkorligi (SATREPS) grant dasturi doirasida Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilayotgan loyiha natijalari hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur loyiha 2022–2027-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, Orolbo‘yi hududida tuproq sho‘rlanishiga qarshi kurashish, yer unumdorligi va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish, shuningdek, suv resurslaridan foydalanishni monitoring va nazorat qilishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqishga qaratilgan.
Tadbirda onlayn ishtirok etgan yapon olimlari tomonidan loyihaning dastlabki natijalari taqdim etildi. Ta’kidlanishicha, Orolbo‘yi mintaqasida zamonaviy meteorologik kuzatuv markazlari tashkil etilib, yer unumdorligini oshirish, suvdan samarali foydalanish hamda regenerativ qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida Yaponiyadan tuproq tarkibidagi tuz miqdorini aniqlash, tuproqdagi tuz va suv taqsimotini o‘rganish, suv sifatini nazorat qilish, geografik axborot tizimlari — GIS ma’lumotlarini tahlil qilish uchun mo‘ljallangan zamonaviy uskunalar hamda uchuvchisiz uchish apparatlari — dronlar olib kelindi.
Uchrashuv davomida loyiha yakuniy bosqichida olingan ilmiy ma’lumotlar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyati uchun iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligi hamda ozuqa ekinlarini yetishtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishga kelishildi.
Shuningdek, loyiha doirasida olingan ilmiy xulosalarni keng amaliyotga tatbiq etish, innovatsion yondashuvlarni hududlarda kengaytirish hamda istiqbolli hamkorlik masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.