Oʻzbekiston va Gruziya Ichki ishlar vazirliklari hamkorlik shartnomasini imzoladilar

Oʻzbekiston va Gruziya Ichki ishlar vazirliklari hamkorlik shartnomasini imzoladilar

Oʻzbekiston va Gruziya Ichki ishlar vazirliklari hamkorlik shartnomasini imzoladilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18-aprel kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatovning Oʻzbekistonda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Gruziya Ichki ishlar vaziri janob Gela Geladze boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi

Gruziya delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi Samarqand shahrida tashkil etilayotgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi global forumda qatnashish maqsadida oʻzbek tomonining taklifiga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Tadbir jarayonida, tomonlar ikki mamlakat ichki ishlar vazirliklari oʻrtasidagi aloqalar izchil rivojlanib borayotganligini eʼtirof etib, transmilliy jinoyatlarga, shu jumladan narkojinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tizimli hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish, bu jarayonda vazirliklar oʻrtasida axborot va oʻzaro tajriba almashishni yangi bosqichga koʻtarish zaruratiga eʼtibor qaratdilar.

Hamkorlikning alohida yoʻnalishi kiberjinoyatchilikka qarshi samarali kurashish masalasida boʻlib, bu borada ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirish va kadrlar tayyorlash jarayonida bilim va koʻnikmalar bilan oʻrtoqlashish muhim ekanligi taʼkidlandi.

Tadbirda tomonlar terrorizm va ekstremizm, odam savdosi, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi hamda boshqa turdagi transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va raqamli kriminalistika yoʻnalishida ichki ishlar organlari xodimlari uchun maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish, Vazirlik tarkibidagi oʻquv muassasalari bilan Gruziya huquqni muhofaza qilish organlari taʼlim dargohlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish borasida istiqbolli vazifalar belgilab olindi.

Tadbir soʻngida ikki tomon delegatsiya rahbarlari Oʻzbekiston va Gruziya ichki ishlar vazirliklari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzoladilar.

Tadbir davomida gruziyalik hamkorlar Ichki ishlar vazirligi faoliyati bilan yaqindan tanishib, zamonaviy maxsus texnika va vositalar taqdimotida qatnashdilar.

Shuningdek, yurtimiz mehmonlari Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi va Toshkent shahar IIBB faoliyatini oʻrganish hamda poytaxtimizning turistik obyektlarida xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot olishlari rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, tashrif doirasida Samarqand shahrida tashkil etilayotgan transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashishga bagʻishlangan global forumda ishtirok etish ham koʻzda tutilgan. Ushbu forum xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilgʻor tajribalar almashish va zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali yechimlar ishlab chiqish uchun ahamiyatli maydon boʻlib xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling