O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekiston va Fransiya sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

UzDaily tahririyati · 24.07.2026 · 21:35 · 27 views
Oʻzbekiston va Fransiya sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Oʻzbekiston va Fransiya sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ualid Fuk bilan uchrashdi.

Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.
 
Ayniqsa, 2023-yilda Prezident Emmanuel Makronning O‘zbekistonga, 2025-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashriflari hamda yuqori darajadagi muntazam siyosiy muloqotlar o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
 
Tomonlar O‘zbekistonda Gustav Russi onkologiya markazi filialining tashkil etilishini yuqori baholab, bu loyiha mamlakatda onkologik xizmatni takomillashtirishga yanada keng yo‘l ochishini ta’kidladi.
 
Uchrashuvda yurtimiz tibbiyotiga Fransiyaning ilg‘or tajribasini joriy etish bilan bog‘liq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
 
O‘zbekistonlik tibbiyot mutaxassislarining yetakchi fransuz klinikalarida malaka oshirishi, tibbiy sug‘urta va dori vositalari xarajatlarini qoplash mexanizmlarini joriy etish masalalari shular jumlasidan.

Qolaversa, Fransiya kompaniyalari ishtirokida Toshkent viloyatining Amirsoy, Oqtosh, Humson va Chimyon kurort zonalarida zamonaviy travmatologiya punktlarini tashkil etish, respublika tibbiyot muassasalarini yuqori texnologiyali diagnostika uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish xususida so‘z yuritildi.
 
O‘z navbatida, “Gustave Roussy” va “Rothschild Foundation” kabi yetakchi tibbiyot muassasalari bilan institutsional hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
 
Shuningdek, muloqotda vazir tomonidan Fransiyaning tibbiyot oliy ta’lim muassasalari va klinikalari o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish, 2026–2027-yillarda mutaxassislar almashinuvi dasturlarini yanada kengaytirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.
 
Yakunda tomonlar erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish, qo‘shma loyihalar ijrosini muvofiqlashtirish hamda muntazam ishchi muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.