Oʻzbekiston va BAKTAD qandolat sanoatini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va BAKTAD qandolat sanoatini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Turkiyaning "Paxlava va shirinliklar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi" (BAKTAD) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Muzokaralarda o'z mahsulotlarini butun dunyoga eksport qilish bilan tanilgan Mehmet Yildirim, Karaköy Güllüoğlu va Burça Baklava kabi sohaning yetakchi brendlari rahbarlari ishtirok etdilar.
Suhbat davomida xalqaro sifat standartlarini joriy etish hamda qandolatchilik sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz gastronomik hayotida yorqin voqeaga aylanishi kutilayotgan O'zbekistonda Paxlava festivalini tashkil etish taklifiga alohida e'tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida qo'shma loyihalarni amalga oshirish va sheriklik aloqalarini mustahkamlash bo'yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar shirinliklar ishlab chiqarish va professional tajriba almashish borasida uzoq muddatli hamkorlikni maqsad qilganlar.