Oʻzbekiston sudlarda advokatlarning vakolatlarini kengaytiradi
Oʻzbekiston sudlarda advokatlarning vakolatlarini kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi sud-huquq tizimida tomonlarning tortishuvi va teng huquqliligi prinsipini yanada kuchaytirish, advokatlarning protsessual imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Loyiha bilan Jinoyat-protsessual kodeksi hamda “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, jinoyat ishi sudga faqat ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga kiritilishi belgilanyapti.
Shuningdek, himoyachiga dastlabki tergov yoki surishtiruv yakunlanganidan keyin besh sutka ichida “himoya fikri”ni taqdim etish huquqi berilishi belgilanmoqda. Himoya fikrida ayblovga munosabat, dalillar, jazoni yengillashtiruvchi holatlar, sudga chaqirilishi so‘ralayotgan shaxslar va boshqa fikrlar aks ettirilishi mumkin.
Kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar sud muhokamalarida tenglikni ta’minlash, sudyaning ish bo‘yicha har ikki tomon fikri bilan oldindan tanishishiga imkoniyat yaratish hamda odil sudlov sifatini oshirishga xizmat qiladi. Mazkur qonun loyihasi qabul qilinishi bilan sud jarayonlarida tortishuv prinsipi mustahkamlanadi, advokatning roli va ta’siri ortadi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.