Oʻzbekiston Senati tadbirkorlik erkinligi kafolatlarini kuchaytirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlashga hamda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Respublikamizda tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlarining samarali faoliyat yuritishi uchun qoʻshimcha kafolatlarni, shuningdek davlat tomonidan taqdim etilayotgan qoʻllab-quvvatlash choralari va mexanizmlarining huquqiy asoslarini qonun darajasida belgilash zarurati ham yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga tadbirkorlarning normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etishi kafolatlarini belgilashga oid yangi norma kiritilmoqda.
Xususan, tadbirkorlik subyektlari zimmasiga yangi majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlar yuklatilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va tartibga solish taʼsirini baholash hisoboti bevosita tadbirkorlik subyektlarining hamda ular birlashmalarining ishtirokida muhokama qilinishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, yashil texnologiyalar, turizm, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy tadbirkorlik va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun subsidiyalar berish, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga molik hamda innovatsion loyihalarni davlat grantlari asosida moliyalashtirishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.
Senatorlarning fikricha, Qonun tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini yanada kengaytirish hamda tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarining huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.