Oʻzbekiston Senati ekstremizmga qarshi kurash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritishni maʼqulladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Bugungi kunda ekstremizmning shakl va koʻrinishlari tobora oʻzgarib, uning xavfi nafaqat diniy, balki boshqa ekstremistik gʻoya va harakatlar orqali ham namoyon boʻlmoqda. Shu munosabat bilan ekstremizmning barcha koʻrinishlariga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan.
Qonun bilan Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirishlar kiritilib, ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan materiallarni
tayyorlash, saqlash va tarqatish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari liberallashtirilmoqda. Xususan, bunday harakatlarni birinchi marta sodir etganlik uchun toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlik bekor qilinib, maʼmuriy javobgarlik kiritilmoqda, takroran sodir etilgan taqdirdagina jinoiy javobgarlik yuzaga kelishi qayd etilmoqda.
Shuningdek, “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun takomillashtirilib, ekstremizm tushunchasiga aniq taʼrif berilmoqda. Shuningdek, ekstremizmga oid jinoyatlar aniq doirasini belgilash, ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha davlat dasturlarini amalga oshirish, ekstremistik tashkilotlar va materiallarning elektron reestrini yuritish, xavf-xatarlarni monitoring qilish hamda baholashning huquqiy asoslarini mustahkamlash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, qonunchilikdagi “diniy ekstremizm” atamasi “ekstremizm” atamasi bilan almashtirilib, huquqni qoʻllash amaliyotida yagona huquqiy yondashuv taʼminlanmoqda.
Qonun bilan ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, ekstremistik faoliyat haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish va ragʻbatlantirish, Internet tarmogʻi hamda ommaviy axborot vositalarida ekstremistik gʻoyalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan qoʻshimcha mexanizmlar ham joriy etilmoqda. Shu bilan birga, ekstremistik tashkilotlarni eʼtirof etish tartibi hamda ekstremizmga oid jinoyat sodir etgan shaxslarni qayta ijtimoiylashtirish mexanizmlari ham takomillashtirilmoqda.
Senatorlar tomonidan qayd etilganidek, Qonun ekstremizmga qarshi kurashish sohasida inson huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash oʻrtasidagi huquqiy muvozanatni mustahkamlash, profilaktika ishlari samaradorligini oshirish va mamlakatimizda tinchlik hamda barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakuni boʻyicha senatorlar Qonunni maʼqulladi.