O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Oʻzbekiston Qoʻshilmaslik harakatiga rahbarlik qilishga tayyorlanmoqda

Dilafro'z Niyazova · 03.09.2026 · 21:15 · 26 views
Oʻzbekiston Qoʻshilmaslik harakatiga rahbarlik qilishga tayyorlanmoqda
Oʻzbekiston Qoʻshilmaslik harakatiga rahbarlik qilishga tayyorlanmoqda / Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi joriy yilning 31-avgust – 1-sentabr kunlari Belgrad shahrida bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakati tashkil etilganining 65 yilligiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi Xotira uchrashuvida ishtirok etdi.

Tadbirda 30 dan ortiq xorijiy mamlakatlardan nufuzli mehmonlar, davlat va xukumat rahbarlari, parlamentlar raislari, bosh vazirlar o‘rinbosarlari, vazirlar boshchiligidagi delegatsiyalar qatnashdi.

Tadbirning ochilishi marosimida Serbiya Prezidenti nutq so‘zlab, 1961-yilda Qo‘shilmaslik harakatining birinchi konferensiyasi o‘tkazilgan joy sifatida Belgradning tarixiy ahamiyatini alohida taʼkidladi. Shuningdek, Harakatning asosiy tamoyillari bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini saqlab qolayotganini qayd etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari nutqida Qo‘shilmaslik harakatining bugungi kundagi ahamiyati va O‘zbekistonning 2027–2030-yillardagi raisligiga tayyorgarlik haqida so‘z yuritildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqaro minbarlarda ilgari surilgan tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, iqtisodiy hamkorlik, iqlim o‘zgarishi va yoshlar masalalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Tadbir doirasida Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar ikki davlat Prezidentlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan faol muloqot asosida jadal surʼatlarda rivojlanib borayotgani eʼtirof etildi.

Parlamentlararo muloqot, iqtisodiyot, investitsiyalar, savdo va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik ko‘lamini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Serbiya Respublikasi Xalq yig‘ilishi spikeri o‘rinbosari Marina Ragush va boshqa xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.