Oʻzbekiston Prezidenti ijtimoiy taʼminot islohotini maʼqulladi

Oʻzbekiston Prezidenti ijtimoiy taʼminot islohotini maʼqulladi

Oʻzbekiston Prezidenti ijtimoiy taʼminot islohotini maʼqulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish, shuningdek, bu sohadagi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasini yangi bosqichga olib chiqish, ehtiyojmand fuqarolarga davlat koʻmagini manzilli va shaffof tarzda yetkazish, xizmatlarni raqamlashtirish hamda ularni proaktiv shaklda taqdim etish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda nogironligi boʻlgan shaxslar, oʻzgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar, nogironligi boʻlgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalar, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan ayollar hamda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Taqdimotda ruhiy holatida buzilishlari mavjud nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish masalasi koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, bu borada asosiy maqsad – ularning jamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirokini taʼminlash, oila muhitiga yaqin sharoitda kompleks xizmatlar koʻrsatish, shuningdek, parvarish bilan band boʻlgan oilalarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

Xususan, 2026-yil 1-iyunga qadar 0-3 yoshda rivojlanishida nuqsonlar aniqlangan bolalar uchun ilk bor “Erta aralashuv” xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi. Ushbu xizmat orqali maxsus pedagoglar va davolovchi jismoniy tarbiya yoʻriqchilari ishtirokida bolalarga korreksion-pedagogik yordam, nutq va jismoniy rivojlantirish mashgʻulotlari koʻrsatiladi. Xizmat nodavlat tashkilotlar tomonidan maxsus elektron reyestr asosida yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, anatomik nuqsonlar bilan tugʻilgan bolalarning qoʻshimcha tibbiy tekshiruv va jarrohlik xarajatlari Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi.

Ruhiy holatida buzilishlari mavjud I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ham 2026-yil davomida bosqichma-bosqich yangi ijtimoiy xizmatlar joriy etiladi. Jumladan, “Yangi kun” kunduzgi qarab turish xizmati, uy sharoitida qarab turish xizmati, kichik hajmli “Madad” uyi xizmati va “Ijtimoiy taʼtil” qisqa muddatli joylashtirish xizmati yoʻlga qoʻyiladi. Bu xizmatlar qarab turish va parvarish qilish, kundalik hayot koʻnikmalarini shakllantirish, maishiy ishlarga oʻrgatish, kasb va moliyaviy hisob-kitob koʻnikmalarini rivojlantirish orqali oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boʻladi.

Mazkur yangi xizmatlar davlat-xususiy sheriklik asosida malakaga ega bo‘lgan va zarur talablarga javob beradigan nodavlat tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladi. Bu orqali 2026-yilda 8300 nafar ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxsni yangi xizmatlar bilan qamrab olish, 600 tagacha nodavlat tashkilot va yakka tartibdagi tadbirkorlarni ijtimoiy xizmat koʻrsatishga jalb etish rejalashtirilgan. Yangi xizmatlardan foydalanish bilan bogʻliq xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi hisobidan subsidiya shaklida qoplab beriladi.

Shu bilan birga, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab 18 yoshdan katta chuqur darajadagi aqliy zaiflik tashxisi qoʻyilgan shaxslarning parvarishi bilan band boʻlgan qonuniy vakillar uchun har oylik yangi parvarishlash nafaqasi joriy etiladi.

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari vakolatlari ham kengaytiriladi. 2026-yil 1-iyundan boshlab ularning xodimlari tuman va shahar hokimliklari huzuridagi vasiylik va homiylik komissiyalari tarkibiga kiritiladi. Shuningdek, ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxslarga tayinlangan vasiy va homiylar tomonidan majburiyatlarning bajarilishi, ushbu shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari, mol-mulkining muhofazasi, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlari muntazam monitoring qilib boriladi.

Internat muassasalarini transformatsiya qilishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Takliflarga koʻra, “Muruvvat” internat uylari bosqichma-bosqich “Gʻamxoʻrlik” markazlariga aylantiriladi. Endi mazkur muassasalar asosan tibbiy-ijtimoiy emas, balki ijtimoiy yondashuv asosida ishlaydigan, shaxsni jamiyatga moslashtirishga qaratilgan markazlar sifatida faoliyat yuritadi. U yerda yashovchilarni sport, ijodiy, ergoterapiya, mehnat va ijtimoiy-maʼnaviy terapiyaga jalb qilish, “murabbiy kuzatuvida” mustaqil yashash xizmati orqali hayotiy koʻnikmalarni shakllantirish, oilaviy muhitga yaqin kichik hajmli uylar tashkil etish koʻzda tutilgan.

Taqdimotda ijtimoiy himoya sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi tashabbuslar ham muhokama qilindi. Xususan, shaxsni nogironlik belgisi boʻyicha kamsitish uchun javobgarlikni kuchaytirish, sud qarorlarini nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maqbul shaklda taqdim etish, ijtimoiy xizmat va kafolatlarni yagona Ijtimoiy reyestr asosida manzilli yoʻnaltirish nazarda tutilmoqda.

Kunduzgi parvarish xizmatlarini rivojlantirish ham muhim yoʻnalish sifatida qayd etildi. 3-18 yoshgacha nogiron farzandini kunduzgi parvarish xizmatiga bergan ota-onalar uchun ushbu xizmatga har oyda toʻlanadigan 3 million soʻmgacha boʻlgan mablagʻni daromad soligʻidan, davlat-xususiy sheriklik asosida nogiron bolalarga kunduzgi parvarish xizmatini koʻrsatayotgan tadbirkorlarni esa 2030-yilgacha soliqlardan ozod qilish koʻzda tutilmoqda. Bugungi kunda bunday xizmatlar 396 ta tadbirkor tomonidan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular 4,4 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan bolaga xizmat koʻrsatmoqda.

Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanish huquqiga ega toifalarni kengaytirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Jumladan, I guruh nogironi boʻlgan shaxslar va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga, shuningdek, 1941-1945-yillardagi urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslarga mazkur huquqni tatbiq etish taklif qilinmoqda.

Taqdimotda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan ayollarning iqtisodiy mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan yangi mexanizmlar ham muhokama qilindi. Xususan, ularni alohida murojaatsiz, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olish, ishga joylashtirish xizmatlarini koʻrsatish va natijalar boʻyicha tezkor axborot almashish tartibini joriy etish rejalashtirilgan.

Bolalar huquqlarini himoya qilish va voyaga yetmaganlarga nisbatan zoʻravonlikning ayrim shakllariga qarshi kurashish sohasida ham qonunchilikni kuchaytirish masalasi koʻrib chiqildi. Ularga koʻra, voyaga yetmaganlar tasvirlangan pornografik materiallarni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun alohida maʼmuriy javobgarlikni belgilash, shu kabi huquqbuzarlik takroran sodir etilganda jinoiy javobgarlikni qoʻllash, internet va telekommunikatsiya tarmoqlari orqali 16 yoshga toʻlmagan shaxslarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun jazoni kuchaytirish nazarda tutilgan. Voyaga yetmaganlar tasvirlangan pornografik mahsulotlarni tarqatish maqsadida respublikaga olib kirganlik, bunday mahsulotni tayyorlaganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoki voyaga yetmaganni pornografik harakat ijrochisi sifatida jalb etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, voyaga yetmagan guvoh va jabrlanuvchilarning huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ularning qonuniy vakili instituti joriy etilmoqda va soʻroq qilishning aniq vaqt meʼyorlari belgilanmoqda.

Taqdimotda Jizzax viloyatida “islohotlar shtabi” tomonidan mahallalarning solishtirma ustunliklaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan loyihalar toʻgʻrisida ham axborot berildi.

Davlatimiz rahbari ijtimoiy himoya sohasidagi yangi mexanizm va takliflarni maʼqullab, tegishli qonun hujjatlarini imzoladi.

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling