Oʻzbekiston Prezidenti BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi rahbari bilan uchrashuv oʻtkazdi
Oʻzbekiston Prezidenti BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi rahbari bilan uchrashuv oʻtkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining oʻrinbosari, Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keytani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida UNFPA rahbari mamlakatimiz yetakchisiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
BMTning aholishunoslik sohasidagi nufuzli instituti bilan hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonning UNFPA bilan hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi. Reproduktiv salomatlik, gender tenglik, demografik barqarorlikni taʼminlash sohalarida muhim loyihalar amalga oshirildi. Jamgʻarma mamlakatimiz tarixidagi birinchi aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish jarayonida faol ishtirok etdi.
Ona va bola salomatligini mustahkamlash, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini himoya qilish borasidagi ijobiy natijalar alohida qayd etildi.
Hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, jumladan, mamlakat dasturi doirasida yangi qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish, Oʻzbekistonda va BMT doirasida yuqori darajadagi tadbirlarni oʻtkazishga kelishib olindi.
#Shavkat Mirziyoyev